O‘zbekiston | 12:15 / 17.08.2021
34969
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Tolibon» harakati bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi - TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha navbatdagi bayonot bilan chiqdi.

Ma'lum qilinishicha, mamlakat Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

“Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga umid bildiramiz. Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an'anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat'iy bildirgan.

“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda. O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta'minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha «Tolibon» harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi bayonotda.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14-15 avgust kunlari Afg‘oniston bilan chegarada ro‘y bergan voqealar haqidagi bayonoti yanglish berilganini ma'lum qilgandi.

Dastlabki bayonotda bortida jami 585 nafar afg‘on harbiysi bo‘lgan 22ta harbiy samolyot va 24ta harbiy vertolyot O‘zbekistonga noqonuniy kirib kelgani, bu jarayonda Afg‘onistonning “Embrayyer-314” samolyoti O‘zbekistonning “MiG-29” rusumli samolyoti bilan to‘qnashib ketgani, holat bo‘yicha bevosita bosh prokuror tomonidan jinoyat ishi ochilgani ma'lum qilingandi.

Rasmiy raddiyada aytilishicha, bular “oxirigacha aniqlashtirilmagan” ma'lumotlar bo‘lgan.

Mavzuga oid