The Hans India nashrining 2-oktabrdagi xabariga koʻra, tadbir payshanba kuni, 1-oktabrda Haydarobodning Gachibouli hududida oʻtkazilgan.

Politsiya kelib tushgan maʼlumot asosida Odam savdosiga qarshi kurashish boʻlinmasi xodimlari bilan hamkorlikda mehmonxonada reyd oʻtkazgan. Natijada Oʻzbekistondan kelgan olti nafar ayol qutqarilgan.

Huquq-tartibot idoralari Rammoxan Reddi va Nikxil ismli ikki shaxsni ushlagan. Ular mehmonxonadan xonalar olib, mijozlarni jalb qilish orqali noqonuniy faoliyatni tashkil etganlikda gumon qilinmoqda.

Nashr politsiya maʼlumotlariga tayanib yozishicha, ayollar shaharga oz miqdordagi toʻlov evaziga olib kelingan. Tashkilotchilar esa Hindistonning turli shtatlaridan mijozlarni jalb qilgani aytilmoqda.

Tekshiruv davomida qutqarilgan ayollarning pasport va vizalari haqiqiy ekani aniqlangan. Ular Hindistonga sayyohlik vizalari bilan kirgan.

Ayollarning koʻrsatmalari asosida odam savdosiga oid tegishli normalar boʻyicha ishlar roʻyxatga olingan. Hodisaning boshqa tafsilotlarini aniqlash uchun tergov harakatlari davom etmoqda.