Iqtisodiyot | 10:50 / 20.08.2021
22497
3 daqiqa o‘qiladi

Iyul oyida avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar qariyb 24 foizga kamaydi

Joriy yilning iyul oyida avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni iyun oyiga nisbatan 23,8 foizga kamaygan. Bunga asosiy sabab sifatida avtomobillarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ko‘rsatilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2021 yilning iyul oyida aholi o‘rtasida avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni joriy yilning iyun oyiga nisbatan 23,8 foizga kamaygan. Shuningdek, 2020 yil iyul oyi bilan taqqoslaganda, 16,2 foizga o‘sgan.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda ichki avtomobil bozorida xaridorlar va sotuvchilarga narx emas, balki avtomobillarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar bosim ko‘rsatmoqda. Yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat yomonlashmoqda va salbiy tendensiya davom etmoqda.

Shu munosabat bilan yangi tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ayrim mahalliy avtomobillarni yetkazib berish faqat 2022 yilning fevral oyidan boshlanishi aytilmoqda.

Avtomobillar oldi-sotdisining eng katta pasayishi asosan ikkilamchi bozorda kuzatilib, savdolarning o‘tgan oyga nisbatan kamayishi ikkilamchi bozorda 30,9 foiz, birlamchi bozorda 9,3 foizni tashkil etgan.

2021 yilda birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori

Bu holat yangi avtomobilni yetkazib berish vaqtining oshishi va potensial iste'molchining eski avtomobilini yangisiga almashtirish imkoniyatining cheklanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Hisobot davrida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Jizzax viloyatidan tashqari) mo‘'tadil sur'atlar bilan kamaygan. Eng yuqori pasayish Toshkent (55,8 foiz), Qashqadaryo (24,7 foiz), Navoiy (19 foiz) va Farg‘ona (17 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

2021 yil iyul oyida 17,2 mingta yangi avtomobil ro‘yxatga olingan. Shundan 454 tasi (2,7 foiz) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillardir.

Umuman,  yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 111,8 ming dona yangi yengil avtomobillar sotilgan, shundan, 5,1 ming donasi chet elda ishlab chiqarilgan avtomobil hisoblanadi.

Ushbu davrda yangi yengil avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri – 25,9 ming dona, shundan, 3 ming donasi chet elda ishlab chiqarilgan, Toshkent – 11,8 ming dona (608 donasi chet elda ishlab chiqarilgan ), Samarqand – 9,95 ming dona (318 chet elda ishlab chiqarilgan) va Xorazm – 7,7 ming dona (181 chet elda ishlab chiqarilgan) viloyatlarida qayd etilgan.

2021 yilning yanvar-iyul oylarida mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ulushi

Mavzuga oid