Gʻuzor tumanida maktab oʻquvchilari gʻoʻza defoliatsiyasidan zaharlandi. Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 23-sentabr kuni soat 11:45 larda Gʻuzor tumanidagi 51-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 22 nafar oʻquvchisi koʻngil aynishi va bosh ogʻrigʻi kabi alomatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha, maktab binosi joylashgan Yangiobod mahallasiga tutash hududda “Shoxmalik Shermurod oʻgʻli” fermer xoʻjaligiga tegishli jami 88 gektar yer maydoni mavjud boʻlib, shundan 20 gektari maktab atrofida joylashgan. Mazkur yer maydonlariga paxta ekilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, shu kuni soat taxminan 9:00 larda fermer xoʻjaligi tomonidan paxtaning erta yetilishini taʼminlash maqsadida “Agro Augron” nomli dori vositasi sepilgan. Buning oqibatida maktabda boʻlgan 10–11-sinflarning 22 nafar oʻquvchisi havo orqali zaharlanganlik alomatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. Ularga birlamchi “Oshqozon dispepsiya sindromi“ tashxisi qoʻyilgan.
Hozirda 7 nafar oʻquvchi Gʻuzor tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanmoqda. Qolgan 15 nafar oʻquvchiga sogʻligʻi yaxshilanganligi munosabati bilan yashash manziliga javob berilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi (zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Hozirda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

















