O‘zbekiston | 15:14 / 27.08.2021
17830
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari o‘zgartirildi

Foto: LiveJournal

Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Toshkent shahri aholisi soni 2021 yil 1 iyul holatiga 2,7 mln kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o‘sgan, aholining zichligi 1 km kv.ga 7 564 kishini tashkil etadi. 

Yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu masala Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan, 1 090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan (sug‘oriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Toshkent shahriga o‘tkazilayotgan Toshkent viloyatining tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda.

Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tayotgan hududlarda 42 ta MFY mavjud bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududlarda 95 872 nafar aholi (23 249 ta oila, 29 010 ta xonadon mavjud) istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda 15 ta (2025 o‘rinli) maktabgacha ta'lim tashkiloti, 16 ta (8756 o‘rinli) umumta'lim maktablari va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud.

Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha obektlarini barpo etish bo‘yicha Hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.

Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o‘tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o‘tkazish orqali yangi manzil bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy budjetining hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklari kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqamlarini o‘zgartirish va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid