18 sentyabrdan bolalar maktabga qaytishdi. Qizlar esa hozircha uyda o‘tiradi. Asosiy muammo shu bilan bog‘liqki, endi qizlarni faqat ayol o‘qituvchilar o‘qitishi mumkin, layoqatli ayol o‘qituvchilar esa juda kam.

Yangi hukumatning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid hukumatda qizlarni sinfxonalarga qaytarish bo‘yicha rejalar mavjudligini ma'lum qildi, ammo ayni vaqtda «protsedurani qayta ishlash» jarayoni, jumladan o‘qituvchilarni taqsimlash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birgalikda, Afg‘onistondagi vaziyat o‘tgan asrning 90-yillariga qaytishi borasida xavotirlar bor, o‘shanda butun mamlakat bo‘ylab ayollar ta'limiga taqiq joriy etilgandi.

Maktablar faoliyatini 18 sentyabrdan boshlab tiklash haqidagi rasmiy bayonotda barcha erkak o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘z ta'lim muassasalariga qaytishi darkor ekani ko‘rsatilgan.

Hozircha qizlar faqat boshlang‘ich sinflarda o‘qishi mumkin, masalan, Hirotda bunga ruxsat berilgan. Surat 2021 yil 14 sentyabrda olingan. Ammo ular ta'limni o‘rta maktabda ham davom ettirishi hozircha aniq emas.

Afg‘onistonda 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar umumta'lim maktablarida o‘qishadi, ularning katta qismi bu davrda o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun alohida sinflarda o‘qishadi.

BBC bilan suhbatlashgan o‘rta maktab o‘quvchi qizlaridan biri endi unda ta'lim olishni davom ettirish umidi yo‘qligi va kelajak qorong‘ilik ostida qolganini aytib o‘tgan.

«Har tongda uyg‘onaman va o‘zimdan so‘rayman: menga yashashning nima keragi bor? Men endi uyda o‘tirib, menga uylanmoqchi bo‘lgan odam eshik taqillatishini kutishim kerakmi? Bu ayollar uchun hayotning yagona maqsadimi?» - deydi toliblar qaytishidan oldingi davrda huquqshunos bo‘lishni maqsad qilgan qiz.

Uning otasi esa onasi savodsiz bo‘lgani va eridan doimiy ravishda so‘kish eshitganini aytadi. «Men qizim ham shunday holatga tushishini istamasdim», deydi u.