08:06 / 04.10.2021
11302

Saakashvili Ukrainaga qachon qayta olishi mumkinligi aytildi

Gruziyaning sobiq prezidenti, o‘z vatanida hibsga olingan Mixail Saakashvili Ukrainaga qaytarilishini iltimos qilmoqda, biroq u Gruziyada qamoq jazosini to‘liq o‘tagachgina buning imkoni bo‘ladi. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili “Imedi” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

“Biz 9 yil davomida prezident bo‘lgan odam haqida gapirmoqdamiz. Bu odamning o‘z xohishi bilan davlatimiz fuqaroligidan voz kechishi falokat va haqoratdir. U Ukrainaga qaytishni istayotgan bo‘lsa, unda qamoq jazosini to‘liq o‘tashi kerak va shundan keyin qayerga borgisi kelsa, ketaversin”, deb aytgan Garibashvili.

Uning ta'kidlashicha, Saakashvili o‘zi joylashtirilgan turma xodimlaridan uni Ukrainaga qaytarishni so‘ramoqda. “Hozir u Ukrainaga qaytarilishini iltimos qilmoqda. U turmada, qiyin ahvolda ekanini fahmlab yetdi. U xodimlarga: “Meni darhol Ukrainaga qaytaring”, deb aytmoqda. Faraz qilyapsizmi, bu odam qanday ahvolda. U nimaga o‘zi keldi, bizni bu yerda uxlashyapti, qaytsam hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylaganmidi?” – deb davom ettirgan o‘z so‘zlarini Gruziya bosh vaziri.

Garibashvilining ta'kidlashicha, Saakashvili o‘z qamoq jazosini to‘liq o‘taydi va bugungi kunda hukumatda birorta odam uni ozod qila olmaydi.

“Men to‘liq javobgarlik bilan aytaman, Saakashvili o‘z qamoq jazosini to‘liq o‘taydi. Bugungi kungi holatga ko‘ra, u 6 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. Bu hukm oxirgi instansiya tomonidan chiqarilgan. Bizga sayyoramizdagi istalgan odam kelib, uni ozod qilishni so‘rasa ham, bugun hukumatda buni hech kim qila olmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Garibashvili.

Avvalroq Cnews portali Saakashvili Gruziyaga yuk mashinasida yashirincha keltirilganini ma'lum qilgandi.

1 oktabr ertalab Saakashvili ijtimoiy tarmoqlarda Gruziyaga kelganini va Batumida ekanini ma'lum qilgan. Kechga yaqin esa Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili siyosatchi hibsga olingani haqida xabar bergan. Uning ta'kidlashicha, Gruziya huquq-tartibot idoralari Saakashvilining Ukrainadan Gruziyagacha harakatlanishi haqida ma'lumotga ega bo‘lgan.

Gruziyada Saakashvili bir nechta jinoiy ish bo‘yicha aybdor deb topilgan va ularning ikkitasi bo‘yicha sirtdan jazo hukmiga tortilgan. Jumladan, u prezident bo‘lgan vaqtda o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilganlikda ayblanadi.

Top