“Bugungi kunda Toshkent viloyati Qibray tumanida Toshkent shahridan ko‘chirilgan aholi uchun ajratilgan hududda avtomobil yo‘li, gaz, elektr energiya, suv, kanalizatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Senatning alohida nazoratiga olingan.

Kuni kecha ushbu hududda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida joyiga chiqib o‘rganganimizda avtomobil yo‘li qurilishi sustlashganiga guvoh bo‘ldik. Sababi so‘ralganda esa qurilish ishlari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan yetarli darajada moliyalashtirilmayotgani ma'lum qilindi. Ushbu muammoni sovuq kunlar kelgunga qadar, ikki hafta muddatda bartaraf etish choralarini ko‘rib, natijasi yuzasidan Senatga axborot berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ushbu hududda avtomobil yo‘lini qurish ishlari yakuniga yetkazilmayotgani sababli gaz va ichimlik suv quvurlarini tortishda, elektr uchun simyog‘ochlarni o‘rnatishda muammolar yuzaga kelmoqda”, – deya senator Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Bizni aldab qishloqqa ko‘chirishdi” — Toshkentdan Qibrayga ko‘chirilgan fuqarolar shikoyati

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Toshkent shahridan ko‘chirilgan fuqarolar yashayotgan Do‘rmon qishlog‘ida yo‘l qurilishi reja asosida ketayotganini ta'kidlab, hududga suv quvurlarini tortish yo‘l qurilishi oxiriga yetkazilishiga qarab turganini rad etdi.

“Ushbu masalani hal qilish moliyalashtirishga borib taqalishi to‘g‘ri. Lekin ishlar belgilangan jadval bo‘yicha ketyapti, nima qilib bo‘lsa ham bu masalani hal qilishni zimmamizga olamiz. Belgilangan muddatda yo‘l qurish ishlari yakuniga yetkaziladi, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Shu paytgacha bajarilgan ishlar uchun Toshkent viloyatidan va boshqa manbalarda olishimiz kerak bo‘lgan mablag‘lar bor, shu bo‘yicha moliyaviy qiyinchilikka uchrab turibmiz.

U yerga allaqachon ichimlik suv o‘tkazilgan. Bu masala bizga qarab qolgani noto‘g‘ri. Aksincha, mazkur hududga tortib borilgan ichimlik suv quvurining oxiriga yetmagan joyi bor. Shuning uchun ham biznikilar to‘xtab qolishgan. O‘rganuvchilar borishgan paytda moliyalashtirish bilan bog‘liq muammoni ham aytishgan bo‘lishsa kerak. Ushbu masalalarning barchasini hal qilib, bu haqda qo‘shimcha axborot taqdim etamiz”, – deydi Abdurahmon Abduvaliyev.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining so‘zlariga e'tiroz bildirib, uni axborot berayotganda dalillarga asoslanib ma'lumot berishga chaqirdi.