O‘zbekiston | 11:34 / 02.11.2021
5754
4 daqiqa o‘qiladi

MB bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklar haqida ogohlantirdi 

Markaziy bank masofaviy bank xizmatlari va to‘lov tashkilotlarining elektron pul o‘tkazmalaridan foydalanuvchilarga uyushtirilayotgan kibertahdidlar, virtual firibgarliklarning oldini olish maqsadida barcha fuqarolarni ogohlantirdi.

Ijtimoiy injiniring usullarini qo‘llagan holda fuqarolarning ishonchiga kirish orqali ular pul mablag‘larini o‘zlashtirish, aldov yo‘li bilan bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini boshqarish huquqini qo‘lga kiritish, shaxsga doir ma'lumotlarni ruxsatsiz olish va to‘lov evaziga tarqatish kabi moliyaviy firibgarliklar ko‘p bor kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, har qanday holatda ham SMS xabar orqali kelgan bir martalik tasdiqlovchi kodni hech kimga oshkor qilmaslik kerak. Ushbu tasdiqlovchi kod yordamida firibgarlar hisobdagi pul mablag‘larini ruxsatsiz o‘tkazishi yoki mobil ilovalar yordamida ularni boshqarish huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.

“Begona shaxslarga bank kartalari yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bermang

Shuni yodda tutish kerakki, bank kartasiga pul o‘tkazish uchun uning 16 xonali raqamini bilish yetarlidir. Unutmang, bank xodimlari plastik kartangizning amal qilish muddati yoki SMS xabar orqali kelgan tasdiqlovchi kodlarni aytishingizni so‘ramaydi. 

Sizga telefon orqali murojaat qilib, o‘zini bank xodimi, to‘lov tashkilotining administratori yoki boshqa davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib, plastik kartangiz bo‘yicha yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma'lumotlarni so‘ragan shaxslarga, bank plastik kartasi to‘g‘risidagi konfidensial axborotlarni yoki shaxsiy ma'lumotlaringizni bermang. Ular firibgar bo‘lishi mumkin. 

Har qanday hollarda ham hisob raqamingizdagi o‘zgarishlar, shubhali to‘lovlar, sizning nomingizga rasmiylashtirilgan kreditlar yoki omonatlarni sabab qilib ma'lumot olishga urinishlarni sezsangiz, xizmat ko‘rsatuvchi bankingizga murojaat qilib, aniqlik kiritishingiz zarur”, deyiladi ma'lumotda.

Bundan tashqari, taklif etilayotgan tovar va xizmatlarning rasman sertifikatlangan yoki litsenziyaga ega ekanini tekshirish lozim.

Turli aksiyalar, yutuqli lotereya sovrinlari, brokerlik xizmatlari, valuta birjalarida qatnashib, yuqori daromad olish, chet davlatlarida onlayn o‘qish va yuqori daromadli ishlarga tez va oson joylashtirish, oldindan sarmoya kiritib qisqa muddatda boyib ketish, onlayn savdo platformalari orqali tovarlarni arzon narxlarda yetkazib berish kabi arzimas xizmat haqi evaziga yuqori daromad olishga undovchi yolg‘on takliflari bilan fuqarolarning ishonchidan foydalanib ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bunda firibgarlar soxta shartnoma va hujjatlarni taqdim etib fuqarolarni ishontirishga harakat qiladi.

Shubhali bo‘lgan veb-sahifalarda bank kartasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar va SMS xabar orqali kelgan tasdiqlovchi kodlarni kiritmaslik kerak.

“Hozirgi kunda ko‘rinishi jihatdan to‘lov tashkilotlarining veb-saytiga o‘xshagan soxta sahifalar firibgarlar tomonidan tarqatilmoqda. Saytga bank kartasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritilganda, firibgarlar ushbu ma'lumotlar yordamida plastik kartalarning bank mobil ilovalariga ulanib, pul mablag‘larini o‘zlashtirishi xavfi mavjud. 

Sizga taklif etilgan veb-sahifaning haqiqiyligiga shubha qilsangiz, tegishli tashkilotning internet tarmog‘idagi rasmiy sayti yoki veb-sahifasining manzili bilan solishtirib ko‘ring”, deyiladi MB xabarida.

Mavzuga oid