O‘zbekiston | 11:22 / 06.11.2021
9633
4 daqiqa o‘qiladi

«Besh yil oldin aytgan fikrimni yana takrorlayman: menga soxta va balandparvoz gaplarning keragi yo‘q» - Prezident

Senat yangi binosida O‘zbekiston Respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi boshlandi. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“El-yurtimiz bugun biz boshlagan xalqchil islohotlarga xayrixohlik va qat'iy ishonch bilan qarab, ularning hosili va samarasini tezroq ko‘rishni istamoqda. 

Ana shu haqli talabni inobatga olgan holda, biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqib, saylov jarayonida uni o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazdik. 

Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta'minlash maqsadida, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi. 

Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik. 

Ta'kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz.

Saylovchilar bilan muloqotlar paytida bildirilgan fikr-mulohazalar, amaliy taklif va tashabbuslar asosida biz Taraqqiyot strategiyamizni yanada takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz va bu jarayon yana davom etadi. Chunki, Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq ustuvor masalalarni hal etishda keng jamoatchilik, har qaysi fuqaroning fikri biz uchun o‘ta muhimdir. 

Bu borada yana bir dolzarb masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Kelgusi besh yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olar ekanmiz, o‘tgan davrda erishgan yutuqlarimiz bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishimiz lozim. Nega deganda, o‘z kelajagini o‘z qo‘li, o‘z kuchi bilan yaratishga bel bog‘lagan xalq va millat kechagi kundan to‘g‘ri saboq chiqarib, oldinga intilib yashaydi. 

Saylovoldi uchrashuvlarida mamlakatimizdagi har bir shahar va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma'rifiy rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar tuzdik. Hozirgi kunda ana shu takliflarni umumlashtirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida dasturlarni ishlab chiqmoqdamiz va ularni yillar kesimida amalga oshiramiz.  

Men bundan besh yil oldin, ya'ni prezidentlik faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda aytgan fikrimni yana takrorlayman: menga soxta va balandparvoz gaplarning keragi yo‘q. 

Quruq va yolg‘on gaplar, tagi puch raqamlar – bu faqat o‘zimizni aldash bo‘ladi. Bu faqat ishimizga ziyon yetkazadi. Biz uchun umumiy ishimiz va harakatimizga foyda beradigan g‘oya va fikrlar, amaliy taklif va tashabbuslar, aniq natijalar kerak. Bundan boshqa yo‘lni men mutlaqo qabul qilmayman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid