O‘zbekiston | 18:30 / 13.11.2021
18116
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalari: harakatni tartibga soluvchi elementlarning bir-biridan qanday ustunlik tomoni bor?

Kun.uz yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha mutaxassis, Senat ekspertlar kengashi a'zosi Nosirjon Zokirov bilan amaldagi yo‘l harakati qoidalariga sharhlarni taqdim etib boradi. Dastlabki maqolada tartibga soluvchi elementlarning bir-biridan ustunligi haqida so‘z boradi.

Svetoforlar yo‘l belgilaridan ustun hisoblanadi. Ma'no jihatidan svetoforlar yo‘l belgilariga zid bo‘lsa, yo‘l harakati ishtirokchilari svetofor ishoralariga bo‘ysunadi.

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari” 2015 yil 24 dekabrda Vazirlar Mahkamasining 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan. 2016 yil 1 martdan kuchga kirgan.

Yangi qabul qilingan yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari hamda boshqa qoidalarni xalqqa yetkazish uchun ma'lum muddat kerak bo‘lgan, shu sababdan qoidalar 3 oydan keyin kuchga kirgan, chunki yangi tartib-qoidalarni xalqqa tushuntirish uchun vaqt lozim bo‘lgan. 2019 yil 9 aprelda VMning 292-qarori bilan ushbu qoidalarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

“Yo‘l harakati qoidalari” O‘zbekistonda yo‘l harakatini tartibga soladigan yagona hujjatdir. Boshqa barcha hujjatlar unga asoslangan bo‘lishi, aksincha zid bo‘lmasligi kerak.

Yo‘l harakatini tartibga soluvchi elementlarning bir-biridan ustunlik taraflari bor.

Agar ular to‘rt darajaga bo‘linsa, eng quyida yo‘l chiziqlari turadi. Undan yuqorida yo‘l belgilari. Bu shuni anglatadiki, yo‘l chiziqlari ma'no jihatidan yo‘l belgilariga zid bo‘lib qolganda barcha yo‘l belgilariga amal qilishi kerak.

Svetoforlar yo‘l belgilaridan ustun hisoblanadi. Ma'no jihatidan svetoforlar yo‘l belgilariga zid bo‘lsa, yo‘l harakati ishtirokchilari svetofor ishoralariga bo‘ysunadi. Albatta, bunda barcha yo‘l belgilari nazarda tutilmayapti. Balki, faqat Imtiyoz guruhiga kiruvchi yo‘l belgilarining ma'nosi bilan zid kelganda, svetofor ishorasiga amal qilinadi.

Bularning barchasidan ustunlikka tartibga soluvchi ega hisoblanadi. Agar yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqarayotgan bo‘lsa, yo‘l chiziqlari, yo‘l belgilari va svetofor ishoralari yoki mazmunidan qat'i nazar barcha tartibga soluvchi buyrug‘iga bo‘ysunishi shart.

Mavzuga oid