Qonun loyihasida davlat hisobidan ajratiladigan advokatlar tergovchi yoki boshqa protsess ishtirokchisi tomonidan emas, balki elektron tizim orqali avtomatik tanlanishi nazarda tutilmoqda. Bu esa advokatlarning tergovchilar oldidagi tili qisiqligiga barham berishi aniq. Shu bilan hammasi baxtli yakun topadimi?
“Cho‘ntak advokati” kim?
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 iyundagi 137-sonli qaroriga asosan quyidagi hollarda advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun haq davlat hisobidan to‘lanadi:
- oilasida har bir oila a'zosiga to‘g‘ri keladigan yalpi oylik daromad mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,70 foizi (433 ming so‘m)dan ortiq bo‘lmagan shaxslar;
- gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi bilan bog‘liq protsessual harakatda advokat ishtirok etishi hollarida, shuningdek, JPK 52-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda.
Ya'ni, kam ta'minlangan, shuningdek voyaga yetmagan yoki o‘zini himoya qila olmaydigan darajadagi jismoniy nuqsonlarga ega shaxslar advokat xizmatidan voz kechgan taqdirda, ular advokat xizmati bilan davlat hisobidan ta'minlanadi.
Amaliyotda mana shunday holatlarda tergovchi o‘zi istagan va “gapga kiradigan” advokatni keltirishga harakat qiladi. Chunki, bunday advokatni faqat ko‘rsatilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yib berish orqali ma'lum miqdorda davlatdan haq olish qiziqtiradi va u uchun himoyasi ostidagi shaxsni himoya qilish zarracha ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bordi-yu, advokat aktiv himoya qilishga kirishadigan bo‘lsa, bu tergovchining ishini qiyinlashtiradi va keyingi safar tergovchi tomonidan chaqirilmaslik ehtimoli paydo bo‘ladi.
Aynan mana shunday toifa advokatlar “cho‘ntak advokat” deb ataladi va advokatura tizimining obro‘siga dog‘ hisoblanadi.
“Cho‘ntak advokat”lari qancha haq oladi?
“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun to‘lov har bir kun uchun BHMning 50 foizi (135 ming so‘m) miqdorida amalga oshiriladi.







