Telegram ma'muriyati messenjerdagi kanallarda ularning egalaridan ruxsat so‘ramagan holda reklamalar e'lon qila boshladi. Bu esa foydalanuvchilarda norozilik uyg‘otmoqda.

Telegram asoschisi Pavel Durovga ko‘ra, o‘z kanalida reklama bo‘lmasligini xohlovchilar tez orada messenjerga pul to‘lab bu imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z kanalida bu yangilikka munosabat bildirdi.

Allamjonovning fikricha, Telegram'da davlat organlari va rasmiy shaxslarga tegishli kanallar talaygina va ularning kanallarida tartibga solinmagan turlicha mavzulardagi reklamalar chiqishi maqsadga muvofiq emas.

Qolaversa, foydalanuvchilar o‘zlari kuzatayotgan kanallarida chiqayotgan ma'lumotlarga ishonadi va messenjerning reklamasini kanal mualliflari joylagan deb o‘ylashlari mumkin.

“Telegram asoschisi Pavel Durovning Telegram'dagi yangi reklama siyosati juda ham o‘ylantiryapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, siz obuna bo‘lgan kanal, bloger yoki tahririyat maqolalari orasida turli reklamalar paydo bo‘lyapti.

Telegram messenjeri tartibiga ko‘ra, endilikda ular tahririyat yoki bloger ruxsatisiz, xohlagan kanaliga reklama qo‘yishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, siz eshakdek ishlab kanalni ko‘tarasiz, uning obro‘yi uchun xavf-xatarga qaramay yozasiz, sizning kanalingizni hamma o‘qishni boshlaganida Telegram tayyorga ayyor bo‘lib, sizdan so‘ramay o‘z reklamasini sizning kanalingizga qo‘yib, pul ishlaydi. Sizga esa figushki.

Yana nimamush, “Reklama ko‘rishni istamaysanmi? To‘la! Reklama sening kanalingda chiqishini xohlamaysanmi? To‘la!”

Yaqinda O‘zbekiston prezidenti kanalida yoki huquq-tartibot organlari kanalida ham reklama chiqishi g‘alati ko‘rindi.

Bu reklama sizga yoqadimi, siz olib borayotgan kanal mavzusiga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi – ularga farqi yo‘q. Pul kelsa bo‘ldi. Xohlasa, cho‘chqa go‘shtini, xohlasa, dinimizga zid bo‘lgan reklamalarni sizga tiqishtirsa ham, siz hech narsa qila olmaysiz.

Shu sabab ko‘p rus Telegram segmentidagi kanal administratorlari bunday “yangilikdan” so‘ng isyon ko‘tardi! “Hoooy, bu reklama bizdan emas, uzr endi, shunday bo‘lib qoldi, ishonib qolmanglar” degan ma'noda.