O‘zbekiston | 08:00 / 24.11.2021
4145
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qildi

Joriy yilning 22 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovning Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov boshchiligidagi delegatsiya bilan kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuv O‘zbekiston-Qozog‘iston iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Muloqotda investitsiyaviy munosabatlar, savdo, sanoat kooperatsiyasi hamda transport va logistika sohasidagi hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishning dolzarbligi qayd etildi. Tomonlar agrosanoat majmuasi, mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, metallurgiya va farmatsevtika tarmoqlarida bugungi kunda ko‘rib chiqilayotgan qator loyihalarni muhokama qilib, yangi loyihaviy takliflarni ishlab chiqish maqsadida turli sohalarda mavjud bo‘lgan salohiyat va ishga solinmagan imkoniyatlarni o‘rganishga kelishdi.

Hududlararo hamkorlikni faollashtirishga urg‘u berildi. Yaqin kelajakda yangi investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va viloyatlar ma'muriyatlari rahbarlaridan iborat delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida hududlararo hamkorlik forumini, shuningdek, joriy yilning oxirigacha O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes–forum tashkil etilishi muhokama qilindi.

Ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar ushbu sohadagi qator masalalarni ko‘rib chiqib, shu oyda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib oldi. Bu ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining o‘zaro hamkorligini faollashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida transport sohasida qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qator masalalar hamda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Mavzuga oid