Uzbek.life’ning navbatdagi suhbatdoshlari Yaponiyada 18 yildan beri yashayotgan Dadaboyevlar oilasi bo‘ldi. Qahramonimiz Akbar Dadaboyev Yaponiyadagi “Cezars kitchen”ning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy direktori sifatida faoliyat yuritadi. Turmush o‘rtog‘i Umida Ashurova esa Kinjo Gaukin universiteti professori hisoblanadi.
“Qo‘qonjon”da tug‘ilganman...”
Akbar Dadaboyev: Men Qo‘qonda tug‘ilib o‘sganman. Qo‘qonni erkalab Qo‘qonjon deyishni yaxshi ko‘raman. Maktabni tamomlagach, iqtisodiyot litseyida, undan so‘ng Toshkentdagi iqtisodiyot universitetida tahsil olganman.

12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim
Umida Ashurova: Men asli Andijonda tug‘ilganman. Lekin Farg‘onada ulg‘ayganman. Shu sababdan ham Farg‘ona davlat universitetining xorijiy tillar filologiyasi fakultetida tahsil olganman.
Tahsil olish uchun Yaponiya davlatini tanlashimizga ko‘plab sabablar bor. O‘zi meni yuz tuzilishim sharqiy osiyolik ayollarga o‘xshagani sababli maktabda ham, keyinchalik oliygohda ham laqabim “yaponka” bo‘lgan. Shu boisdan ham o‘sha vaqtlardan boshlab menda Yaponiya davlatiga qiziqish paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, yoshligimdan tillarni o‘rganishga qiziqishim kuchli bo‘lgan. 12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim. Universitetda ingliz, fransuz, nemis va ispan tillarini o‘rganganman. Yuqorida sanab o‘tgan tillarni o‘rganish nisbatan osonroq bo‘lganligi sababli men o‘rganish qiyinroq va nisbatan mukammalroq bir tilni o‘rganishni xohlardim va aynan, yapon tilini tanlaganman. Yaponiyaga qiziqishim yapon tilini o‘rganishim davomida ortgan.

O‘qishni tashlab ketganimga afsuslanmayman.
Akbar Dadaboyev: Farzandli bo‘lganimdan so‘ng men ulg‘ayganimni va endi yelkamda ikki hissa mas'uliyat borligini his qilganman. O‘sha vaqtlar Umida ham, men ham magistraturada o‘qirdik. Ikkalamiz ham talaba bo‘lganimiz sabab o‘qishdan ortib ishlash masalasi qiyin edi. Shunda bir narsani tushunib yetganman: men ayolim o‘qishini davom ettirishi uchun ham ishlashim kerak. O‘z oilamni moddiy jihatdan ta'minlashim zarurligi uchun ham universitetni tashlab ketganman va Nagoya shahriga borib restorandan o‘zimga ish topganman. Ular menga soatiga 8 AQSh dollari pul to‘lashardi. O‘ylashingiz mumkin: nega oliy ma'lumotli inson oddiy ofitsiant bo‘lib ishga kirdi? Sababi men ingliz tilini yaxshi bilardim, lekin yapon tilini unchalik bilmasdim. Eng muhimi ishga kirish bo‘lgan. Lekin hech qachon universitetni tashlab ketganimga afsuslanmaganman. Bu qarorim juda to‘g‘ri bo‘lgan.



















