Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlari xodimlarining mehnat ta’tili kunlari uzaytiriladi
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ekspertlar guruhi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ko‘rib chiqdi. Unda senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalarda 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilar, xususan, qo‘shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmasligi ta’kidlandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining maxsus qismi mehnat huquqining ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi yangi normalarni o‘z ichiga olgan.
Hujjat bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga avvalgi tartibdagidek 24 kalendar kuni emas, balki yigirma yetti kalendar kun yillik uzaytirilgan ta’til berilishi belgilanmoqda.
Yig‘ilishda qo‘mita ekspertlari tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi. Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan berilgan takliflarni tahlil etdi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini ta’minlash, ularning ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortishi, mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi shakllarini faol rivojlantirish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, jumladan O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ishchi guruh yig‘ilishi yakuni bo‘yicha qo‘mita xulosasiga taalluqli taklif va tavsiyalar berildi.