2017 yil 27 martdagi prezident qarori bilan dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturi tasdiqlangan. Dasturning 10-bandida “G‘ijduvon dehqon bozori” ham bor.

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda aynan shu “G‘ijduvon dehqon bozori”ni qurgan qurilish firmalarga, bozor foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lganiga qaramay, pullari berilmayotgani aytiladi.

Buxoro viloyat va G‘ijduvon tuman hokimliklari o‘rtasida “koptok qilinayotgan” pudratchilar mazkur muammoga hukumat rahbarlari va jamoatchilik e’tibor qaratishini istamoqda. Ularning ayrimlari bozorga sarflangan mablag‘larini ololmayotganilaridan kasodga uchragan bo‘lsa, boshqalari bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

Tolib Ismatov “Evrika Stroy dizayn” ta’sischisi

“2019 yil 24 dekabrda qurilishni shartnoma asosida to‘liq tugatib berganmiz. Bozor ma’muriyatining 1,7 mlrd so‘mga yaqin qarzdorligi bor. Shu mablag‘ to‘lanmagani bois, qator muammolarga duch keldik. Hozirda, “Evrika Stroy dizayn” bankrot bo‘lgan, ishchilarni bo‘shatganmiz, ammo ularning ish haqlari berilgani yo‘q. Do‘konlardan qarzga olingan qurilish mahsulotlarning puli ham berilmagan”, – deydi “Evrika Stroy dizayn” ta’sischisi Tolib Ismatov.

Uning aytishicha, viloyat va tuman hokimligining o‘sha vaqtdagi rahbarlari tomonidan quruvchi firmalarga bozorni tez fursatlarda jadallik bilan qurish vazifasi yuklatilgan.

“Shuning uchun biz bor mablag‘imizni qurilishga sarfladik. Jami qarzdorligimiz 1,3 mlrd so‘mdan ortiq. Biz xo‘jalik do‘konlaridan mahsulotlarni qarzga olgan vaqtimizda 1 tonna metall 6 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir 12 mln so‘m. Ular dollar hisobida qayd etib qo‘yishgani bois, so‘mdagi miqdor o‘zgarib boraveradi. Biz o‘zgargan qiymatda to‘lashga majburmiz”, – deya oydinlik kiritadi firma ta’sischisi.

“Evrika Stroy dizayn” pulini o‘z vaqtida olmagani uning bankrotlikka uchrashiga olib kelgan.