Jizzaxda atomchilar shaharchasi quriladi. Kambagʻallikni qisqartirishga masʼullar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguncha nafaqa toʻlanadi. Oʻzbekistonliklar uchun Tailand vizasini olish murakkablashdi. 240 ming dollarni oyoqlarga yashirib, Oʻzbekistondan olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Jizzaxda atomchilar shaharchasi quriladi
Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga integratsiyalashgan AES va unga yondosh shaharcha barpo etish boʻyicha qilinayotgan ishlar taqdimotida aytildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi.
Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi. Unda kamida 100 ta qoʻshma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻzda tutilgan.
Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilasini munosib yashash sharoiti bilan taʼminlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham koʻrib chiqildi. Ikki yuz gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga moʻljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joy qurilishi koʻzda tutilgan.
Kambagʻallikni qisqartirishga masʼullar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi
Kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi, deb eʼlon qildi prezident Shavkat Mirziyoyev. Bu tizimda “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtab tashkil etiladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga oʻtkaziladi. Hokimlar butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shugʻullanadi.
Aksariyat mahallalardagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi: tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi. Hokim yordamchilarini «loyihabay» ishlashga oʻqitish uchun xorijdan mutaxassislar jalb qilinadi. Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini endi prezident emas, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank belgilaydi va har chorakda yangilab boradi.
Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama toʻlanadi.
Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguncha nafaqa toʻlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha yangi yondashuvlarni belgilab berdi. Unga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta koʻrib chiqadi.
Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, koʻp bolalilik va oila aʼzosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni qamrab oladigan koʻp oʻlchovli baholash tizimiga oʻtiladi.
Respublikada kambagʻallik darajasi 3,9 foizga tushgan boʻlsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur koʻrsatkich oʻrtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguniga qadar Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan nafaqa toʻlanadi.
2027-yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bogʻcha badali, oʻquv markazi toʻlovi, yoʻlkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekistonliklar uchun Tailand vizasini olish murakkablashdi
Tailand hukumati dunyoning 93 mamlakati, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun amalda boʻlgan 60 kunlik vizasiz rejimni 15-sentabrdan rasman bekor qildi.
Endi Oʻzbekiston fuqarolari Tailandga borish uchun oldindan Qirollikning rasmiy elektron viza portali (thaievisa.go.th) orqali elektron viza anketasini toʻldirgan holda kirish vizasini rasmiylashtirishi lozim.
Shundan soʻng, fuqaro viza uchun toʻlovni Tailandning Moskva shahrida joylashgan elchixonasida 30 AQSH dollari miqdorida naqd amalga oshirishi kerak.
240 ming dollarni oyoqlarga yashirib, Oʻzbekistondan olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi
Toshkent viloyatidagi «Navoiy» chegara-bojxona postida qoʻshni davlatga piyoda chiqib ketayotgan ikki nafar shaxs organ xodimlarida shubha uygʻotgan. Ular tegishli tartibda shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Shunda oyoqlariga skotch bilan oʻrab yashirilgan, 240 ming dollar pul aniqlangan.
Taʼkidlanishicha, ular bu pullarni ogʻzaki soʻrov vaqtida ham maʼlum qilmagan, bojxona deklaratsiyasida ham koʻrsatmagan. Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, fuqarolar 100 million soʻm ekvivalentdagi valyutani Oʻzbekistondan deklaratsiya toʻldirmasdan olib chiqishi mumkin.
Toshkentning Glinka koʻchasida favqulodda vaziyat roʻy berdi
Tarmoqlarda yuqori bosimli quvur portlagan boʻlishi mumkinligi aytilmoqda – poytaxt hokimligi ham, Veolia Energy ham hozircha nima boʻlganiga aniqlik kiritilayotganini maʼlum qildi.
Hokimlikka koʻra, bir kishi yengil tan jarohati olgan. Veolia esa ayni paytda hech qanday sizib chiqish holati aniqlanmaganini bildirdi.






