O‘zbekiston | 17:32 / 18.01.2022
5246
2 daqiqa o‘qiladi

Bayramga 250 million, ta’mirlashga 200 million so‘m - Asaka tumani hokimi 2 mlrd so‘mga yaqin pulni ishlatishga imzo qo‘ydi

Andijon viloyati Asaka tumani hokimligi tomonidan ajratilgan pullarning eng ko‘p qismi Obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan.

Asaka tuman hokimi Mansurbek Alixonovning 18 yanvar kungi 4-1-17-F/22-sonli farmoyishi bilan ajratilgan pullarning aksariyati tuman hokimligi qoshidagi tashkilotlar moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va obodonlashtirish ishlariga yo‘naltirilgan.

Farmoyishning tegishli ilovasidagi smetaga muvofiq, sektorlarni ta’mirlash va jihozlash xarajatlari uchun 220 million, tuman hokimligi binosi ta’miri uchun 200 million so‘m ajratilgan.

Obodonlashtirish boshqarmasining o‘ziga 900 million so‘m – obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tungi yoritish chiroqlarini sotib olish, yangi yil tadbiri archasi va ko‘chalarni bezatish xarajatlari uchun ajratilgan.

Qiziq jihati, moliya bo‘limining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 257 million so‘m ajratilgan bo‘lsa, mahalla va oila bo‘limiga xuddi shu ishlar uchun 120 million so‘m ajratilgan.

Shuningdek, tuman hokimligi binosi va sektorlar joylashgan binolar ta’mirlashga muhtoj emas. 

Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov doimiy ravishda jamoatchilik muhokamasi markazida yuradi. Avvalroq hokimning fuqarolar bilan mensimaslik ohangida, qo‘lini cho‘ntagiga solgan holda gaplashgani aks etgan video tarqalgan va ortidan tuman hokimligi axborot xizmati xodimi jazolangandi.

Mavzuga oid