Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli byudjet”dagi faollik va samaradorlikni hududlar kesimida aks ettiruvchi reytingni eʼlon qildi.

Maʼlum boʻlishicha, Buxoro viloyati maksimal 100 balldan 86,6 ball toʻplagan va tashabbusli byudjetlashtirish boʻyicha eng namunali hududga aylangan. Ikkinchi oʻrindagi Namangan viloyati 83,6 ball toʻplagan.

Fargʻona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham 77 ball bilan yuqori oʻrinlarni egallagan.

Soʻnggi oʻrindagi Andijon viloyatining natijasi boshqa hududlarnikidan keskin farq qiladi: 55,3 ball. Viloyatdagi 16 ta tuman (shahar)dan faqat bittasi “yashil” toifaga, 6 tasi “sariq”, 9 tasi esa “qizil” toifaga kirgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari ham umumiy “sariq” toifaga tushgan.

Reyting – 2026-yil 3-chorak boʻyicha, 5 ta mezon asosida tuzilgan boʻlib, har bir mezon boʻyicha hududlarga maksimal 20 ball berilgan:

  • aholi tomonidan taklif etilgan loyihalarni saralash bosqichining tashkil etilishi;

  • aholining “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga jalb etilishi;

  • hududiy jamgʻarmalarni shakllantirish boʻyicha talablarning bajarilishi;

  • jamoatchilik nazorati (loyihalarga tashabbuskorlar tomonidan portalda baho berilishi);

  • gʻolib chiqqan loyihalarning ijrosi.

Soʻnggi mezon – gʻolib loyihalarning amalga oshirilishi boʻyicha Jizzax (20 balldan 16 ball), Xorazm (15,5 ball) va Surxondaryo (15,3 ball) viloyatlari eng yuqori koʻrsatkichni qayd etgan.

Sirdaryo (11,7 ball), Navoiy (12,4 ball), Andijon va Samarqand viloyatlari (12,9 balldan) esa loyihalar ijrosi boʻyicha past natija qayd etgan.