
Makronning Zelenskiy bilan muzokaralari ham cho‘zildi; prezidentlar rejadagidan bir soat kechikib matbuot vakillari qarshisiga chiqishdi. Shu tufayli brifing qisqartirilgan formatda o‘tkazildi - ukrain va fransuz nashrlari Makron va Zelenskiyga faqat bittadan savol berish imkoniga ega bo‘lishdi.
Uchrashuvni ochib bergan Zelenskiy bu Fransiya prezidentining so‘nggi 24 yillikdagi ilk tashrifi bo‘lganini qayd etib, muzokaralar markazida Ukraina sharqida tinchlik o‘rnatish masalasi turganini aytdi.
Ukrainlar prezidenti Makron bilan hamkorlik bo‘yicha bir necha kelishuvlarga erishilganini e’lon qildi. Moliyaviy yordam ko‘rsatishdan tashqari, fransuz kompaniyalari Ukrainaga mudofaa sektorini isloh qilishda ko‘maklashadi, ukrain temir yo‘llari Fransiyadan yangi lokomotivlar sotib oladi.
«Iqtisodiy ko‘mak juda muhim va biz boshqa davlatlar bilan bunday birdamlik qadamini, aynan Emmanuelning, Fransiya tomonidan tashlangan katta qadamni - Ukrainaga 1,2 mlrd yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratilishini juda qadrlaymiz. Bu chindan ham bizga iqtisodiyotimizni barqarorlashtirishda yordam bo‘ladi. Biz hozir ham yomon ketmayapmiz, ammo bu yordam Ukrainaning iqtisodiy barqarorligi uchun kuchli qadam bo‘ldi», degan ukrainlar yetakchisi.
Makron ham 1,2 mlrd yevrolik yordamni tilga olgan, ammo u buni makromoliyaviy yordam deb emas, balki fransuz kompaniyalarining Ukrainadagi loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat kafolati deb atagan. Bu borada doiraviy kelishuvga o‘tgan yil mayidayoq erishilgan, endi Makron shaxsan Kiyevga kelganida ikkita 1,2 mlrd yevrolik bitimlar imzolangan.

Ularning biri jami qiymati 900 mln yevroga teng bo‘lgan yuzlab Alstom lokomotivlari, ikkinchisi 300 mln yevrolik - qutqaruvchilar uchun 370ta maxsus texnikalar yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Makromoliyaviy yordamni esa Ukrainaga fevral oyi boshida Yevroittifoq va’da qilgandi. Bunda ham summa - 1,2 mlrd yevro. Bu yerda endi kafolatlar haqida emas, Ukraina uchun past foizli to‘g‘ridan to‘g‘ri uzoq muddatli kreditlar haqida gap boradi.










