O‘zbekiston | 21:40 / 19.02.2022
62169
17 daqiqa o‘qiladi

Avtosanoatdagi 7ta yangilik, hokimi mutlaq Toshkent va to‘yi kuni yo‘qolgan kuyov - hafta dayjesti

Prezidentning UzAuto bo‘yicha topshiriqlaridan keyin sohadagi vaziyat qanday o‘zgaradi? Jamoatchilik Toshkent shahar hokim(lig)iga nimani tushuntirolmayapti? Kollej-texnikumlarda ham stipendiya to‘lanadimi? Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa qaynoq mavzulari – Kun.uz haftaligida.

Avtosanoatda nima gaplar?

Haftaning eng muhim voqealari UzAuto Motors atrofida ro‘y berdi. Dushanba kuni prezident huzurida avtomobilsozlik sohasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda garchi monopoliyani tugatish haqida gap ketmagan bo‘lsa ham, qator xushxabarlar yangradi. Biz bu borada 7ta asosiy yangilikni sanab o‘tamiz.

Birinchidan, UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizga tushiriladi. Mazkur yig‘ilishda berilgan boshqa topshiriqlar orasida aynan shunisi iste’molchilar uchun eng muhimi desak bo‘ladi.

Ikkinchidan, Shavkat Mirziyoyev 1 maygacha avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu o‘rinda avtosanoat mas’ullari bir jihatga aniqlik kiritishi lozim: agar navbatlar to‘liq yo‘qotilsa, u holda oldindan to‘lovni 50 foizga tushirishga qanday zarurat bor?

Uchinchidan, davlat rahbari avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirishni buyurdi. Darhaqiqat, biz avvalgi dayjestlarimizda ham o‘zbekistonliklar mashinasi chiqishini yarim yillab kutayotgan paytda, UzAuto Motors eksportni oshirayotganini aytgan edik. Zora endi prezident topshirig‘idan keyin monopolist korxona mahalliy va chorasiz xaridorlarga nisbatan behurmatligini biroz bo‘lsa-da kamaytirsa...

To‘rtinchi yangilik – Tracker va Onix ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni shu yildan kechiktirmaslik vazifasi qo‘yildi. Bu modellarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish anchadan beri kechikib kelayotgandi. Bundan bir yil oldin Onix sedanining narxi 9–12 ming dollar oralig‘ida bo‘lishi aytilgandi.

Jahonda hurmati bor avtokompaniyalar modellar qatorini tez-tez yangilab turadi, bizning UzAuto qachon oxirgi marta yangi model chiqarganini eslay olasizmi? Asakadagi zavod ochilgan paytdan buyon chiqayotgan “Damas” hali ham deyarli o‘zgarmagan, hatto xavfsizlik yostiqchasi ham yo‘q. Juma kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva Ichki ishlar vazirligi bergan qiziq ma’lumotni e’lon qildi: 2021 yilda O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan yo‘l-transport hodisalarining har beshtadan bittasida “Damas” ishtirok etgan.

Yangi modellar haqida gapirganda, UzAuto Motors sotayotgan mashinalar ro‘yxatida 2020 yili Traverse, Trailblazer, Equinox va Tahoe nomli qimmat avtomobillar paydo bo‘lganini eslab o‘tish kerak. Ishlab chiqaruvchidan olib sotarga aylangan kompaniya nafaqat bu mashinalar uchun import boji to‘lamayapti, balki u olibsotarligini boshlagan paytdan e’tiboran qimmat avtomobillar uchun bojlar oshirilgan.

Beshinchidan, yig‘ilishda bir hafta muddat ichida avtomobil savdosiga oid ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yish, shu orqali sun’iy navbatlar va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Qayd etish kerak, bir necha yil oldin “Uzautosavdo” ilovasi va Telegram-bot shaklidagi navbat tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim shaffof ishlagani yo‘q. Yangi topshiriq qanday ijro etiladi, buni tugashiga bir necha soat qolayotgan muhlat yakunida bilib olamiz deb umid qilamiz.

Oltinchidan, import avtomobillar uchun bojxona boji stavkalari 30 foizdan 15 foizga pasaytiriladigan bo‘ldi. Bu bilan nima o‘zgaradi? Qisqa qilib aytganda, import mashinalar narxi taxminan 10 foizga arzonlashishi mumkinligi aytilyapti. Va yana aytishlaricha, bu o‘zgarishdan asosan “inomarka” minadigan badavlat qatlam manfaat ko‘radi.

O‘zbekiston elektromobillar masalasida Xitoyni asosiy hamkor qilib tanlamoqchi / Foto: "O‘zavtosanoat"

Avtosanoat bo‘yicha yig‘ilishdan yettinchi asosiy yangilik – elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha asosiy hamkorni tanlab, loyihani yil oxirigacha boshlashga ko‘rsatma berildi. Oradan uch kun o‘tib, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Tomonlar O‘zbekistonda elektromobillar, elektrobuslar va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar boshlamoqda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, BYD – ishlab chiqargan elektromobillari soni bo‘yicha dunyo miqyosida Tesla'dan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston hukumati 2020 yilda “O‘zavtosanoat” korxonalarini faqat elektromobil ishlab chiqarishga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu qaror UzAuto Motors'ga taalluqli emas deb taxmin qilish mumkin, chunki kompaniya bir necha yuz mln dollar sarflab benzinda yuradigan yangi modellar ishlab chiqarishni o‘zlashtiryapti. Bundan tashqari, bir oy oldin imzolangan prezident farmoniga asosan, 2025 yilgacha UzAuto Motors'dagi yuz foiz davlat ulushi sotiladi.

Avtomobil importi uchun to‘siqlar UzAuto Motors xususiylashtirilganidan keyingina to‘liq bekor qilinishiga umid qilish mumkin. Biroq shunisi xavotirliki, davlat qaramog‘ida elektromobil zavodi ochilgach, elektromobillar importi uchun to‘siqlar paydo bo‘lishi, bir monopolist o‘rnini boshqasi egallashi mumkinligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Bu axir begona tajriba emas: masalan, Angrenda shina zavodi ochilganidan keyin shina importi uchun bojlar oshirilgan edi. Ayrimlar telefon va maishiy texnikalar yig‘ishni boshlagach, bu mahsulotlarni chegaradan olib kirish bo‘yicha limitlar qo‘yilgandi.

Kelajakdan bugunga qaytib gapiradigan bo‘lsak, 2 oydan beri to‘xtab turgan yangi mashinalar sotuvi qachon tiklanishi haligacha aniqmas. UzAuto Motors sotuvni boshlashi bilan avtomobillar narxini oshirishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Toshkent shahridagi hokim va transport muammolari – yana muhokamalar markazida

Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonida / Foto: Kun.uz

Yakunlanayotgan hafta, avtomobillar mavzusidan tashqari, Toshkent shahri hokimligining xatti-harakatlari yuzasidan bahs-munozaralar bilan ham yodda qoldi.

Avvaliga hokimlik madaniy meros obekti hisoblanadigan Kosmonavtlar maydonida tegishli ruxsat olmasdan turib ta’mirlash ishlarini boshladi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa bu yerda qonun oyoqosti bo‘layotgani haqida gap ketayotganini tushunishni istamay, bu ishlarni yaxshi niyatda qilayotganini aytib, jurnalist va bloger bilan bahslashib ketdi.

Biz hokim va qonun qarama-qarshi kelib qolgan holatda qonun yengilganiga yana bir marta guvoh bo‘ldik. Ta’mirlash ishlarini olib borayotgan Mimar Group kompaniyasi Madaniy meros agentligidan ogohlantirish olganiga qaramay, ertasiga bu ishlarni baribir davom ettiraverdi. Yakunda esa agentlikning ilmiy-ekspert kengashi rekonstruksiya loyihasini bir kunda, bir necha soat ichida tasdiqlab berishga majbur bo‘ldi.

Muhokamalarni keltirib chiqargan, blogerlarni oyoqqa turg‘izgan yana bir voqea – Toshkentdagi Alisher Navoiy ko‘chasida rekonstruksiyaning boshlanishi bo‘ldi. Bu voqea ham shahar rahbarlari xalq tomonidan saylanmagani, saylovchilarga mutlaqo hisobdor emasligini yana bir marta ko‘rsatib berdi. Poytaxtning qoq markazidagi tarixiy ko‘chada boshlangan keng miqyosli rekonstruksiya haqida shahar aholisi bir og‘iz ham xabardor qilingani yo‘q.

Ko‘chaning o‘rtasidagi beton ko‘chirila boshlagandan keyin tug‘ilgan savollarga javoban, hokimlik nima qilmoqchiligini nihoyat oshkor qildi. Taqdim etilgan rekonstruksiya loyihasi esa jamoatchilik faollarida e’tirozlar uyg‘otdi. Bu borada hokimlikda o‘tkazilgan uchrashuv, mas’ullar loyihadagi ayrim xatolarni tan olganini aytmaganda, amalda hech narsani o‘zgartirgani yo‘q.

Yo‘lda nechta transport yurishi emas, necha kishi yurishi muhim.

Biz yana takrorlashni istardikki, shahar yo‘llari avvalo piyodalar va velosipedchilar uchun qulay bo‘lishi kerak. Buni prezident ham takror-takror aytmoqda, Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan konsepsiyada ham xuddi shu qoida alohida belgilab qo‘yilgan. Yo‘llarni kengaytirish tirbandliklarni kamaytirmaydi, aksincha, ko‘paytiradi. Keng yo‘lni kesib o‘tish piyodalar, ayniqsa nogironligi bor, keksa va yosh bolali ayollar uchun xavfli va noqulay.

Tirbandliklarni kamaytirish uchun esa yangi Amerika ochish shart emas. Qoida oddiy: Shahar avvalo piyodalar uchun, yo‘llar esa avvalo jamoat transporti va velosipedlar uchun bo‘lishi kerak. Jamoat transportini shu darajada qulay qilish kerakki, toki u shaharning A nuqtasidan B nuqtasiga borish uchun jozibador variantga aylansin.

Bu utopiya bo‘lib eshitilishi mumkin, lekin o‘ttizta mashina olishga puli yetadigan boylar ham metro va avtobusda yuradigan, obod, yashil va tirbandliklarsiz shaharlar xuddi shu sayyorada, biz bilan bir zamonda yashayapti-ku, nega biz eplolmasligimiz kerak?

Ochig‘ini aytganda, yo‘llar, trotuarlar, piyodalar o‘tish joylari va jamoat transportidagi muammolarni amaldorlarning o‘zlari, o‘z tanasida his qilib ko‘rmaguncha, Toshkent biz yuqorida ta’riflagandek shaharga aylanishiga ishonish qiyin. Yoki boshqa bir variant – shahardagi muammolar yechimlari bo‘yicha o‘zining yaxlit dasturiga ega, ana shu dastur targ‘iboti orqali saylovda yutib lavozimga keladigan zamonaviy mer kerak.

Jahongir Ortiqxo‘jayev esa na shaharni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturiga ega, na qarorlarini shahar aholisi bilan maslahatlashadi. Avvalroq hatto bosh rejani ham unchalik muhim deb hisoblamasligini aytgandi. Natija esa hozirgi holat: Toshkent keyingi 5 yilda, 10 yilda, 40 yilda qanaqa bo‘lishi haqida tasavvurlar yo‘q. Xuddi hamma qarorlar yo‘l-yo‘lakay qabul qilinadigandek.

Hokimning jurnalistlar va blogerlar bilan munosabati esa alohida mavzu. Bir marta ochiqchasiga haqoratlagan, boshqa safar undaylar vatanning kelajagiga ishonmaydi degan bo‘lsa, bu hafta endi Kun.uz va Gazeta.uz kabi saytlar “bugun bor, ertaga yo‘q” bo‘lishi, uning uchun muhimi odamlarning fikri ekanini aytdi. Hokimni bilmadig-u, lekin jurnalist va blogerlar o‘z ishini qilyapti: madaniy meros bo‘yicha qonun borligini, xalq oldida hisobdor ekanini hokimga eslatyapti xolos.

Jahongir Ortiqxo‘jayev bloger Nikita Makarenko bilan bahs davomida shahardagi qaysi joyni yo‘q qilganini ko‘rsatib berishni so‘radi. Hokim o‘zini qanday oqlashidan qat’i nazar, fakt shuki, Toshkentdagi Milliy bog‘, Abdulla Qodiriy bog‘i va Gulshan bog‘i aynan Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimligi davrida hududining katta qismini yo‘qotdi. Yam-yashil Milliy bog‘da siti qurilib, ulkan ko‘l butkul quritildi. Gulshan bog‘idagi daraxtlar qirg‘in qilinib, klinika qurildi. Abdulla Qodiriy bog‘ida ham yangidan yangi binolar qad rostlayapti. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, quruvchi kompaniya 60dan ortiq daraxtni noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazgan.

Bundan tashqari, xalqning mulki bo‘lgan bog‘lar – G‘afur G‘ulom, Bobur va Abdulla Qodiriy bog‘lari yashirin hujjatlar bilan allakimlarga berib yuborilishi ham aynan shu davrda ro‘y bermadimi? G‘afur G‘ulom bog‘ining xarobaga aylantirib qo‘yilgan TTZdagi filiali bo‘yicha nega hokimlik haligacha izoh bermayapti?

Ta’lim xabarlari

Bu kabi xunuk holatlar hamon davom etmoqda.

Yangi o‘quv yilidan boshlab professional ta’lim muassasalarida ham stipendiya joriy etilishi mumkin. Shu hafta e’lon qilingan qaror loyihasiga asosan, professional ta’lim muassasalari, ya’ni kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar o‘zlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan va o‘zlariga tegishli mulklarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lardan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash, o‘quv qo‘llanmalar xarid qilish va xodimlar malakasini oshirish uchun foydalanishi mumkin.

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi uzrbozlik bo‘yicha mas’ullarga chora ko‘rildi. Maktab direktori, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri va tuman hokimining o‘rinbosari ishdan olindi. Hokimga esa – hayfsan. Boshqacha bo‘lishi ham mumkinmidi?

Qibray tumanida maktab o‘quvchilari yupun kiyimda mehmon kutishga chiqarildi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirni maktab jamoasi emas, “Oltin meros” degan jamg‘arma tashkil qilgan. Jamg‘arma vakillari Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirni Qibraydagi 29-maktabda o‘tkazishga qaror qilgan. “Kimdir maktabdan o‘quvchi so‘ragan bo‘lsa, maktabdagilar ham o‘ylab o‘tirmay o‘quvchi ajratib bergan bo‘lsa kerak”, dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov. Eslatib o‘tamiz, avvalroq shunaqa holatlar Jizzax, Andijon va Farg‘onada ham ro‘y bergandi.

Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i uncha-muncha hokim o‘rinbosaridan ham o‘tib tushdi: u 100 ming dollar olayotganida ushlandi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u dekanni lavozimida olib qolish uchun shuncha pul so‘ragan. Taxlim sifatini nazorat qilish bo‘limi bir necha oy oldin fakultetda tekshiruv o‘tkazgan va buning natijasida go‘yoki dekanni ishdan olishga asos bo‘luvchi kamchilik aniqlangani aytilmoqda.

Toshkentda kuyov to‘yi kuni yo‘qolib qoldi

12 fevral – to‘yi kuni yo‘qolib qolgan kuyov oradan uch kun o‘tib topildi. Bunga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani taxmin qilinyapti.

Chilonzor 15-kvartalda yashovchi 25 yoshli kuyov to‘yi kuni ertalab sartaroshxonaga boraman deb uyidan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Telefoni esa o‘chirilgan. Oila a’zolari shokka tushib, uni ichki ishlarga qidiruvga berishgan.

Aytishlaricha, kuyovning yo‘qolib qolishi kelin va kuyov o‘rtasidagi munosabatga bog‘liq emas. Yigit majburlab uylantirilgan degan taxminlar ham rad etildi: mahalla raisining o‘rinbosari uni “to‘polonchi” va “majburlab uylantiriladigan bola emas” deb ta’rifladi. Ma’lum bo‘lishicha, yigit otasi va onasidan erta yetim qolib, buvisining qo‘lida katta bo‘lgan.

14 fevral kuni qidiruv e’lon qilingan yigit 15 fevral kuni topildi. Shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi qidiruvda qatnashgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonda yana nimalar ro‘y berdi?

Shveytsariya Gulnora Karimova olib chiqib ketgan 131 mln dollarni qaytarishga rozi bo‘ldi, faqat bir shart bilan: bu pullar to‘g‘ri sarflanishi ustidan Shveytsariya va BMTning nazorati o‘rnatiladi.

Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan yana 10 mln dollar mablag‘ Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, Shveytsariya esa 131 mln dollarni qaytarishga rozilik bergan, biroq bu pullar qanday sarflanishi ustidan BMT bilan birgalikda nazorat o‘rnatishga qaror qilgan.

“Asakabank”ning Buxoro viloyati filiali sobiq boshqaruvchisi va yana bir mansabdori qidiruvga berildi. Ular kredit uchun ajratilgan mablag‘dan 503 ming dollarni o‘zlashtirganlikda gumonlanyapti. Bu xabarning ertasiga aholi bandligini ta’minlash uchun odamlarga 350 ming bosh qo‘y va echki tarqatilishi, buning uchun 100 mln dollar ajratilishi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda vazirliklar soni yana bittaga ko‘paydi. Turizm va sport vazirligi yana ikkiga ajratilib, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tuzildi.

Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli o‘tsin!

Mavzuga oid