O‘zbekiston | 21:36 / 06.01.2020
152549
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ning to‘rtta yangi modeli xorijdan olib kelib sotiladi

UzAuto Motors 2019 yil oxirida taqdimotini o‘tkazgan to‘rt rusumdagi avtomobilning barchasi xorijdan import qilinadi.

Jumladan, Tahoe va Traverse AQShdan, Trailblazer Tailanddan, Equinox esa Xitoydan keltiriladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda 6 yanvar kuni «O‘zavtosanoat» rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

«Bu – premium segment hisoblanadi. Bu segmentdagi avtomobillarning komplektatsiyasi juda boy. Bu avtomobillarni ishlab chiqarish, dunyo bo‘yicha, agar noldan boshlab chiqaradigan bo‘lsak, bitta modeli uchun 1 milliarddan 2 milliard dollargacha ketadi.

Biz bu avtomobillarni olib kirishimizdan maqsad nima? Bilasiz, 40 ming dollardan qimmat bo‘lgan avtomobillarga bojlar tushirilgandan so‘ng, tashqi bozordan aynan shu segmentdagi avtomobillar kirib kelishni boshladi. Shu segmentdagi BMW avtomobillarining kirib kelishi 2019 yilda bir yil oldingiga nisbatan 400 baravar, Toyoto 200 baravarga oshgan. Shuni o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng, biz shu Toyota va dunyodagi boshqa korxonalar bilan raqobat qilish strategiyasini ishlab chiqdik. Birinchi bosqichda biz tayyor holda avtomobillarni bozordagi talabni o‘rganish uchun olib kiryapmiz.

Strategiyamizga asosan, agar shu avtomobillarimiz bilan bozorda o‘rnimizni topa olsak, sotuvlar ko‘lami ishlab chiqarish darajasiga yetganidan keyin, biz investitsiyalarni jalb qilgan holda bu avtomobillarni albatta ishlab chiqaramiz», – dedi «O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukov.

Shuhrat Mirsamukov, «O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil davomida 40 ming dollardan yuqori «inomarka»larni O‘zbekistonga bojsiz olib kirish tartibi amal qildi, ammo 2020 yildan boshlab avvalgidek chetdan keltirilayotgan avtomobillarga dvigatel hajmiga qarab boj solinmoqda.

Mavzuga oid