13:49 / 14.02.2022
21469

Marhamatdagi uzrbozlik ortidan tuman hokimi o‘rinbosari ishdan olindi, hokimga hayfsan berildi

Shuhratbek Abdurahmonov Marhamat tumanidagi holat bo‘yicha mas’ullarga qanday jazo berganini aytgan. Tuman hokimi endi olti oy davomida hech qanday rag‘bat pullari olmaydi.

14 fevral kuni o‘tkazilgan “Hokimlik soati” yig‘ilishida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Marhamat tumanidagi o‘qituvchilarni ota-onalar majlisida uzr so‘rashga majbur qilganlarga qanday jazo berganini e’lon qildi. Bu xabarni Kun.uz’ning bir nechta manbasi tasdiqladi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari Muxtor Qurbonov lavozimidan ozod qilingan.

Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov

Tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshev esa hayfsan intizomiy jazosini olgan va olti oy davomida hech qanday rag‘bat pullari olmasligi ta’kidlangan.

Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev

Marhamatda nima bo‘lgandi?

Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

Ro‘y bergan voqea ortidan Andijondagi mas’ul shaxslar birin-ketin munosabat bildirishib, pedagoglardan uzr so‘rashdi. 

Xalq ta’limi vazirligi uzrbozlik yig‘ilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish jarayonida to‘plangan materiallarni Bosh prokuraturaga yuborgan.

Kun.uz surishtiruvida maktab direktori tuman hokimi o‘rinbosariga asoslangan holda bu tashabbus muallifi tuman hokimi ekanini aytgan edi. Buyruqni hokim berganini viloyat XTB boshlig‘i ham tasdiqlagandi.

Yo‘ldoshevning o‘zi o‘qituvchilardan uzr so‘rab qilgan chiqishida garchi aybni bo‘yniga olmagan bo‘lsa ham, bunaqa vaziyatlarda aytiladigan “aybdorlarni topib, qat’iy chora ko‘ramiz” degan gapni gapirmagandi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida maktab jamoasi va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish uchun tadbirlar o‘tkazishga topshiriq berganini tan oldi, lekin aynan uzr so‘rattirish tashabbusi undan chiqqanini rad etdi.

Shu tariqa, hokim, bir tarafdan, bunaqa buyruq bermaganini aytgan bo‘lsa, boshqa tarafdan unda bu buyruqni kim bergan degan savolga javob bermagan edi.

Mavzuga oid
Top