O‘zbekiston | 14:58 / 18.02.2022
39755
2 daqiqa o‘qiladi

Turizm va sport vazirligi yana ikkiga ajratildi

Foto: Kun.uz

18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri lavozimiga Aziz Abduhakimov nomzodini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.

Majlisda, shuningdek, sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga Adham Ikromov nomzodi ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Adham Ikromov Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimini tark etishi yoki etmasligi hozircha ma’lum emas - u 2017 yildan buyon palataga raislik qilib keladi.

2021 yil aprel oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi birlashtirilib, Turizm va sport vazirligi tuzilgan, vazir lavozimiga Aziz Abduhakimov tayinlangan edi. Endilikda mazkur vazirlik negizida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tuzilmoqda. Bu o‘zgarish haqida bugunga qadar jamoatchilikka ma’lum qilinmagan edi.

2021 yilga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti sifatida faoliyat yuritgan tuzilma o‘tgan yili yangi tuzilgan vazirlik tizimiga o‘tkazilib, Madaniy meros agentligi sifatida qayta tashkil etilgandi.

Mavzuga oid