O‘zbekiston | 10:59 / 23.11.2020
26699
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘quvchilar tadbirda ishtirok etish uchun yupun kiyimda sovuqqa olib chiqilgan maktab rahbarlari ishdan olindi

Keskin sovuq tushganiga qaramay, Andijondagi 43-maktab o‘quvchilari targ‘ibot tadbiri doirasida yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarishga chiqarilgani ma'lum bo‘lgach, ushbu maktab direktori va uning o‘rinbosari ishdan olindi.

Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi Andijon shahridagi 43-umumta'lim maktabida o‘quvchilari tadbirda ishtirok etish uchun yupun kiyimlarda tashqariga chiqarilgani bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Mazkur xabar yuzasidan Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib holat o‘rganilgan. O‘rganish yakunlari bo‘yicha quyidagilar ma'lum bo‘lgan:

  1. Joriy yilning 19 noyabr kuni Andijon shahridagi 43-umumta'lim maktabiga «Yangi O‘zbekiston - Yangicha dunyoqarash» shiori ostida mamlakatda ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, san'at, fan-madaniyat xodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targ‘ibot guruhi tashrif buyurgan.
  2. Targ‘ibot guruhi vakillari tashrifidan xabardor bo‘lgan o‘quvchilar (soat 11:25)da ularni kuzatish maqsadida yo‘lakka chiqishgan. O‘tkazilayotgan tadbirning fotoalbomini yaratish maqsadida mahalla faollari va maktab ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari ularni rasmga olgan. Ishchi guruh rasmdagi bolalar bilan o‘tkazgan suhbatda mana shu suratga olish vaqtida 2-3 daqiqa tashqarida qolishgani, so‘ng ustozlari tomonidan tanaffus vaqti tugamasdan (soat 11:35gacha) ulardan sinf xonalariga qaytishlari so‘ralgani ta'kidlangan.
  3. Ishchi guruhning rasmdagi o‘quvchilar va ota-onalar bilan suhbati jarayonida mazkur holatda farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmagani sababli e'tirozlari yo‘qligini ta'kidlashgan.

«Yakuniy xulosaga ko‘ra, har bir o‘quvchining maktabdagi vaqtidagi salomatligi va xavfsizligiga keng jamoatchilik vakillari, blogerlardan ham ko‘proq ta'lim sohasi vakillari jon kuydirishlari zarur ekanligini hisobga olib, 43-umumta'lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi (D.Nasirdinov), maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (S.Ismanova) egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tizimda faoliyat olib borayotgan rahbarlar, o‘qituvchilar va xodimlardan maktabdagi o‘quvchilarning har biriga o‘z farzandidek daxldorlik tuyg‘usida yondashishni, ularning sog‘ligi va xavfsizligiga ta'sir ko‘rsatuvchi mana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qoladi», deyiladi boshqarma ma'lumotida.

Mavzuga oid