Jahon | 07:54 / 24.02.2022
15749
2 daqiqa o‘qiladi

DXR va LXR rahbarlari Putindan Ukraina «tajovuzkorligini qaytarishda» yordam berishni so‘radi

Foto: RIA Novosti

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari rahbarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina tomonidan «tajovuz»ni qaytarishda yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS.

Agentlik Kreml matbuot xizmati taqdim etgan murojaatlar suratini e’lon qildi. Hujjatlarda 22 fevral sanasi ko‘rsatilgan. Ularda aytilishicha, «Ukrainadan harbiy tajovuz kuchaymoqda» va «Kiyev og‘riqli aloqa chizig‘ida o‘z harbiy ishtirokini oshirishda davom etmoqda», go‘yoki DXR va LXR infratuzilmasini vayron qilmoqda hamda tinch aholini o‘ldirmoqda.

Respublikalar rahbarlari Rossiya bilan do‘stlik va o‘zaro yordam shartnomalarini tilga olib, Putindan yordam so‘ragan. Putin bunga qanday munosabat bildirgani noma’lum, Peskov ushbu masalaga aniqlik kiritmadi.

21 fevral kuni Vladimir Putin o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan oldi. 22 fevralda davlat dumasi va federatsiya kengashi respublikalar bilan do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarni bir ovozdan tasdiqladi.

O‘sha kuni federatsiya kengashi Rossiya qo‘shinlariga u yerga kirishga ruxsat berdi. Bu qaror tinchlikparvar missiya sifatida taqdim etildi. Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish buni tinchlikparvar missiya deb hisoblamasligini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid