O‘zbekiston | 12:01 / 18.03.2022
9712
2 daqiqa o‘qiladi

Poliklinikalarda yangi xizmat turlarini pulli asosda tashkil qilishga ruxsat beriladi

So‘nggi besh yilda 9 trillion so‘m hisobidan 2 mingga yaqin tibbiyot muassasasi qurilib, ta’mirlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

“500 million dollar sarflanib, 2 ming 500 ta muassasa zamonaviy tibbiy texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Lekin, ichimlik suvi, isitish tizimi bo‘lmagan, elektr ta’minoti yaroqsiz bo‘lgan mingdan ziyod tibbiyot muassasalari mavjud. Sog‘liqni saqlash maskanlarining sharoitidan norozi bo‘lib, 700 dan ziyod murojaat kelib tushgani ham buni tasdiqlaydi.

Shu bois, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda, eng avvalo, 182 ta oilaviy shifokor punktida ichimlik suvi tarmog‘i, 450 dan ortiq muassasada isitish, 650 tasida elektr tizimi to‘liq ta’mirlanadi. 

Shular qatorida, 1 ming 100 ta tibbiyot muassasasi qayta qurilib, jihozlanadi. 227 ta tug‘uruq komplekslari ta’mirlanib, ularga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, 39 ta bolalar shifoxonasining holati va ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanadi. Bu ishlarga 6 trillion so‘m mablag‘ jalb qilinadi.

Shuningdek, tuman va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun, moliyalashtirish manbalari ham kengaytiriladi. Jumladan, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kafolatlangan tibbiy xizmat turlariga kirmaydigan boshqa yangi xizmat turlarini pulli asosda tashkil qilishga ruxsat beriladi. Bunda, pulli xizmatlardan kelib tushgan mablag‘larning 75 foizgacha bo‘lgan qismi malakali tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Tibbiyot muassasalariga beg‘araz yordam doirasida berilgan tibbiy texnika va asbob-uskunalardan pulli xizmatlar ko‘rsatishda foydalanish bo‘yicha mavjud taqiq bekor qilinadi.

1 iyuldan boshlab viloyat kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, travmatologiya, teri-tanosil kasalxonalarida koyka o‘rniga qarab emas, balki bemorning “davolangan holatidan kelib chiqib” moliyalashtirish tartibi joriy qilinadi va ushbu shifoxonalarga to‘liq moliyaviy mustaqillik beriladi”, dedi prezident.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid