Oʻzbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
19-oktabr kungi hukumat qaroriga koʻra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqi faqat muayyan mutaxassislik boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi. Davlat roʻyxatidan oʻtmagan shaxsning tegishli mutaxassislik boʻyicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.
2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar xodimlar mutaxassisligi boʻyicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga koʻra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Mutaxassisligi boʻyicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar maxsus imtihonsiz davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi (murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi boʻyicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyatni amalga oshirmagan xodimlar bundan mustasno).
Murojaat davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali qilinadi. Elektron arizalar dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Vakolatli organ - Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi - soʻrovnomani 5 ish kuni ichida oʻrganib, talabgorni maxsus imtihonga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshiriladi. Uning qogʻoz shaklidagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi.
Davlat roʻyxatidan oʻtgan xodimlar kasbiy faoliyatni davom ettirish uchun har 5 yilda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
















