«Tergov qo‘mitasiga kelsak, hozir olimlar, professor o‘qituvchilar nuqtai-nazaridan muhokama bo‘lyapti. Boshqa davlatlarning amaliyotini o‘rganyapmiz.

Lekin o‘sha davlatlar… bizga sal salbiyroq xulosalarni berishyapti. Biz davlatimizda ham shunday Tergov qo‘mitasini tashkillashtirdik, lekin u qanchalik inson, davlat va jamiyat manfaatlariga foyda beryapti, biz baralla aytolmaymiz,degan muhokama bo‘lyapti», – deya bosh prokuror o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 2 nafar nomzodlar mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etish bo‘yicha takliflarni ilgari surgan edi.

Xususan, «Milliy Tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘zining saylovoldi dasturida hech kimga bo‘ysunmaydigan mustaqil organ – tergov qo‘mitasini tashkil etish va tergovni xolis, haqqoniy, shaffof va halol olib borish ta’minlanishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ham o‘zining saylovoldi dasturida mustaqil tergov qo‘mitasini tashkil etish taklifi borligini, «Milliy tiklanish» partiyasi ulardan bu tashabbusni ko‘chirib olganini aytgan.