Vakolatlar chegarasi qayerda?

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova sayyor qabul vaqtida, kutilmaganda fuqaro bilan janjallashib ketgani haqida xabar bergandik. Ortiqova bosh prokuror bilan uchrashish uchun kelgan ayol va uning qaynotasini rahbarining qabuliga o‘tkazishni istamagan, murojaatchilar bunga e’tiroz bildirishganda esa ularga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ichki ishlar xodimlariga ayolni bu yerdan olib ketishni buyurgandi.

Yurisprudensiyani o‘qiganlar yaxshi bilishadi. Huquqshunoslikda eng birinchi o‘rgatiladigan masalalardan biri haq-huquqlar haddi bilan bog‘liq. Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsam, mening huquqlarim chegarasi sizning huquqlaringiz chegarasigacha bo‘lishi shart. Oddiy fuqaro bo‘ladimi yoki amaldor, bundan qat’i nazar, bu huquq ilmining, o‘zaro muomala-munosabatlarning oltin qoidasidir.

Bo‘kadagi voqeada Ortiqova fuqaroga sensirab muomala qilgani, aniq bir huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etmagani aniq bo‘lib turgan holda shu yerda jamoat xavfsizligini ta’minlab turgan ichki ishlar xodimlariga murojaatchini olib ketishni buyurgani orqali nafaqat huquqlari chegarasidan, balki unga bosh prokuror o‘rinbosari sifatida qonunlar bilan taqdim etilgan vakolatlari chegarasidan ham o‘tib ketdi.

Fuqaro provokatsiya qilgandir, ataylab mulozimni quyushqondan chiqargandir dersiz. Bo‘lsa bordir. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, yuqori darajadagi mansabdor shaxs, qolaversa huquqshunos ekani unga fuqarolar bilan davlat xizmatchisi etikasiga mos ravishda muloqot qilish majburiyatini yuklaydi. Shu sabab ham uning harakatlari odamlar e’tiroziga, tanqidlariga sabab bo‘ldi.

“Bular xalq bilan muloqot qilgani kelganmi yoki o‘zining hukmini o‘tkazganimi? Qachongacha yuqori lavozimlarni asabi, miyasi charchagan qariyalar boshqarib o‘tiradi? Bu ayol bir paytlar o‘qituvchilar ko‘cha supursin deb chiqqan. Lekin ayol kishi bo‘lib ayolga qilgan muomalasi noo‘rin!” deb yozadi