3 may kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tashkillashtirilgan sayyor qabulda mojaroli holat kuzatildi. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashmoqchi bo‘lgan ayol va uning qaynotasini rahbarining qabuliga o‘tkazishni istamadi. Murojaatchilar bunga e’tiroz bildirganda esa ularga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ichki ishlar xodimlariga ayolni bu yerdan olib ketishni buyurdi.
Murojaatchi Sevara Ravshanova Bosh prokuratura mulozimi bilan o‘rtasida ro‘y bergan mojaroga nima sabab bo‘lganini so‘zlab berdi.
“Svetlana Ortiqova bosh prokuror qabuliga kirishimizga qarshilik qildi. Sayyor qabulga kelganlarni avval bosh prokuror o‘rinbosarlari eshitib ko‘rishayotgan ekan. Tashkilotchilar bizni Svetlana Ortiqovaga yo‘naltirishdi. U dardimizni eshitib, oldin menga murojaat qilmagansizlar, arizani olib qolaman, yordamchilarim ko‘rib chiqishadi deb aytdi.
Holbuki bu paytgacha ayni masala yuzasidan Bosh prokuraturaga 5 marta murojaat qilgandik. Birortasiga javob kelgani yo‘q. Shu sababli O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, bosh prokuror qabuliga kirish uchun yordam so‘ragandim. 2 may kuni kechqurun Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq qilishib, ertaga Bo‘kaga yetib borishimni aytishdi. Shu sababli kelgandim bu yerga. Bizni Svetlana Ortiqova qabul qilsin deganim yo‘q edi hech kimga.
U esa qaynotam ikkimizni bosh prokuror oldiga o‘tkazmadi. Ortiqova arizamizni olib qolib, bizni jo‘natib yubormoqchi bo‘ldi. Shunda qaynotam: “Mayli, unda arizaning ikkinchi nusxasiga murojaatimizni olib qolganingiz haqida qo‘l qo‘yib bering”, deb aytdi. U qo‘l qo‘ymasligi, yordamchisi qo‘l qo‘yib olib qolishini aytdi. Qaynotam bu holda bosh prokuror qabuliga kirishimizga imkon berishini so‘radi. Shunda u ayol: “Siz kimsiz menga buyruq berishga?” deb aytdi.
Uning qaynotamga qilgan muomalasi izzat-nafsimga tegib ketdi. “Muomalangizni to‘g‘rilang. O‘zingiz kimsiz? Menga sizning qabulingiz kerak emas. Faqat bosh prokurorning qabuliga kirish uchun bu yerga keldim” dedim unga. Shu jarayonda Ortiqova qo‘limdagi arizamni shaxsiy hujjatlarim bilan birgalikda yulib olishga harakat qildi. Tabiiyki, men qarshilik ko‘rsatdim. Shu jarayonda ariza yirtilib ketdi. Bundan yanada asabiylashdim”, deydi murojaatchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.












