O‘zbekiston | 18:38 / 14.04.2022
17024
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ydi

Buning uchun IT eksportini yil yakunigacha 100 mln dollarga yetkazish, yana 6 ta hududda IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va kamida 20 tadan kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev huzurida 14 aprel kuni Axborot texnologiyalari vazirligining faoliyati va 2022 yildagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda sohadagi bir qator kamchiliklar sanab o‘tildi.

«Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni drayver sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik.

Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror-bir tarmoq oldinga yurmaydi»,  deydi davlat rahbari.

Lekin sohada yechimini kutayotgan muammolar va ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi qayd etilgan. Jumladan:

  • hududlarning optik tolali internet bilan qamrab olish darajasi past — 72 foiz;
  • 118 ta olis qishloqlarga aloqa tizimi va internet umuman yetib bormagan. Shuningdek, magistral avtomobil yo‘llarning atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Hududlarda internet sifati va tezligi pastligicha qolmoqda;
  • «O‘zbektelekom»ning daromadlari va samaradorligi boshqa mamlakatlar kommunikatsiya kompaniyalaridan ancha past.

Yig‘ilishda vazirlik va tashkilotlarga bir qator vazifalar yukladi.

«Axborot texnologiyalari vazirligi nafaqat o‘z tarkibidagi korxonalar bilan, balki barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bilan bevosita shug‘ullanishi shart», deydi prezident.

Endilikda vazirlik rahbariyati har hafta tumanga, qishloqqa, mahallaga, korxonalarga borib, joylardagi muammolarni o‘rganadi va hal etib boradi. Har bir vazirlik, idora va hokimlarning IT’ga mas’ul o‘rinbosari AKT vaziriga bo‘ysunadi, ularning ishi har chorakda aniq natijalarga qarab baholanadi.

Davlat rahbari O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ygan. Buning uchun:

  • IT eksportini yil yakuniga qadar kamida 100 million dollarga yetkazish;
  • ichki IT xizmatlari hajmini yiliga kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash;
  • joriy yilda qolgan 6 ta hududda ham IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va malakali kadrlar ta’minlash;
  • qolganlarida kamida 20 tadan kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 5 ming nafar yoshlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mavzuga oid