27-28 oktabr kunlari Samarqandda Samarkand Islamic Finance Forum (SIFF) 2026 xalqaro forumi bölib ötdi. Unda 18 ta mamlakatdan 400 nafardan ortiq vakillar iştirok etdi.

Forumning birinçi kunida Markaziy Osiyoda islomiy moliyani rivojlantiriş, anʼanaviy banklarda islomiy moliya xizmatlarini yölga qöyiş va bunday xizmatlar ustidan nazoratni taşkil etiş masalalari muhokama qilindi.

Islomiy moliya anʼanaviy kreditlaşdan farqli tamoyillarga asoslanadi. Unda foizli qarz beriş örniga savdo, ijara va şeriklikka asoslangan moliyaviy yeçimlar qöllanadi. Bu esa bank xizmatlaridan foydalanişda diniy qaraşlariga köra özini çeklab kelayotgan aholi va tadbirkorlar uçun muqobil imkoniyat yaratişi mumkin.

Markaziy bank Islomiy moliya loyiha ofisi işçi guruhi rahbari Adhamxon Haydarovning aytişiça, Özbekistonda bu sohani rivojlantirişda qöşni davlatlar tajribasini ham hisobga oliş muhim. Qozoğiston, Qirğiziston va Tojikistonda islomiy moliya bir neça yil oldin joriy etilgan bölsa-da, bu borada muayyan kamçiliklar ham kuzatilgan. Şu sababli ularning tajribasini örganiş, yöl qöyilgan xatolarni takrorlamaslik, şuningdek, Malayziya va Yaqin Şarq mamlakatlarining ilğor amaliyotidan foydalaniş zarur.

Haydarovning taʼkidlaşiça, islomiy moliya xizmatlarining yölga qöyilişi diniy qaraşlari tufayli anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanmay kelayotgan tadbirkorlarni ham moliya tizimiga jalb qiliş imkonini beradi.

Forumda islomiy moliya institutlari faoliyatining huquqiy asoslari, şariat talablariga muvofiq işlaş va içki nazorat tizimlarini şakllantiriş masalalari ham muhokama qilindi. Bu borada ikki poğonali boşqaruv tizimi muhim ahamiyatga ega. Adhamxon Haydarovning maʼlum qilişiça, Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengaşi taşkil etilgan. Kelgusida islomiy moliya xizmatlarini körsatuvçi har bir taşkilotda ham şunday kengaşlar faoliyat yuritişi, ular örtasida hamkorlik yölga qöyilişi közda tutilgan. Şuningdek, moliyaviy taşkilotlar öz operatsiyalari va natijalari haqida jamoatçilikka oçiq maʼlumot berib borişi lozim.

Ikkinçi kuni esa islomiy kapital bozorini rivojlantiriş, sukuk kabi moliyaviy instrumentlarni joriy etiş va soha uçun malakali kadrlar tayyorlaş masalalari kötarildi. Muhokamalarda aholining moliyaviy savodxonligini oşiriş va islomiy moliya xizmatlari haqida tuşunarli axborot beriş orqali jamoatçilik işonçini mustahkamlaş zarurligi ham taʼkidlandi.