9 iyun kuni Ohangaronda haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha “Toshkent viloyati imtihon markazi” ish boshladi. Shu kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida markaz asoschisi Komil Allamjonov Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.

— Bunday avtomatlashtirilgan imtihon markazlari avvaliga Toshkent shahrida, endilikda Toshkent viloyatida ochildi. Kelgusi rejalaringiz qanday?

— Hozirda Farg‘onada ishlarni boshladik. Xudo xohlasa, qurilish boshlandi u yerda ham. Ayni vaqtdagi rejamiz bo‘yicha Farg‘ona, Andijon va Namanganda ham bu kabi imtihon markazini ochish reja qilingan. Albatta, har qanday ishni boshlagan odam imkon darajasida, maksimal darajada bozorga kirib borishni xohlaydi, bizning ham niyatlarimiz – butun respublikaga yetib borish.

— Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasi olishdagi korrupsiya holatlari nolga tenglashtirildi, endi Toshkent viloyatida ham shunday bo‘ladi dedingiz. Lekin bu yerda guvohnoma olishdagi barcha bosqichlar emas, faqat bevosita imtihon topshirishdagi korrupsiya haqida gap ketyapti, shunday emasmi?

— Bu markazlar filtr vazifasini bajaradi. Masalan, Toshkent viloyatida yuzlab avtomaktablar bo‘lib, shu vaqtgacha “GAI” tizimi orqali imtihon o‘tkazilgan bo‘lsa, amalda bu narsa o‘zini oqlamadi. Shuning uchun ham bu xususiy sektorga berildi. Bunaqa markazlarning afzalligi shundan iboratki, bilimi yo‘q odam yo‘lga chiqolmaydi, ya’ni haydovchilik guvohnomasini ololmaydi.

Masalan, siz kelib, imtihondan o‘tolmadingiz. Nima qilasiz? Birinchi maktabga qaytib borasiz-da, “meni yaxshilab o‘qitgin” deysiz. Bu tizim ta’lim tizimining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Komil Allamjonov

Tanish-bilishchilik, telefon qo‘ng‘iroqlar ishlamaganidan keyin, faqat bilim yordam beradi, imtihondan faqat bilimlilargina o‘ta oladi. O‘z o‘rnida, avtomaktablar orasida sifat uchun raqobat boshlanadi. Oldin raqobat faqat narxlar o‘rtasida bo‘lgan.

Misol uchun, 276 soatlik o‘quv dasturi bo‘ladigan bo‘lsa, qaysidir maktablar buni 2,5 mln so‘mga, yana qaysilaridir 1,5 mln so‘mga o‘qityapti. Viloyatlarda esa 800 ming so‘mga o‘qitayotgan holatlar ham bor – aslida shu maktablarda haqiqatda korrupsiya bor, ularda haqiqatda noqonuniy harakat bo‘lyapti degan ma’noni beradi. Nimaga desangiz, 276 soatga bitta o‘qituvchining oyligini hisoblab chiqqaningizda ham, agar bitta maktab 276 soat o‘qitsa, uning tannarxi 3 millionga yaqin bo‘ladi. 3 millionlik tannarxi bo‘lib turib, 800 ming so‘mga qanday o‘qitadi? Demak, belgilangan soatlar hammasi ham o‘tilmaydi, ko‘chaga chiqib 50-60 soat haydashi kerak bo‘lsa, 20 soat haydaydi yoki qolgani faqat naqdda berib keladi.