Skott Bessent va Anton Siluanov AQShning Ashvill shahrida 31-avgust - 1-sentabr kunlari oʻtayotgan G20 mamlakatlari moliya vazirlari va markaziy banklar rahbarlari uchrashuvi doirasida muzokara oʻtkazdi.

CNBC AQSH Moliya vazirligiga tayanib xabar berishicha, Bessent Siluanov bilan Donald Trampning Ukraina boʻyicha «tinchlik rejasi»ni muhokama qilgan. Ushbu maʼlumotni AFP agentligiga amerikalik rasmiy ham tasdiqlagan.

Fox Business muxbiri Edvard Lourensning maʼlum qilishicha, gap AQSH tomonidan 2025-yil noyabrida taklif qilingan 28 banddan iborat reja haqida ketmoqda.

NBC muxbiri Juliya Sirkin esa Bessent va Siluanov iqtisodiy hamkorlik masalalarini ham muhokama qilganini xabar qildi.

Rossiya Moliya vazirligi uchrashuv haqidagi bayonotida Trampning «tinchlik rejasi»ni tilga olmagan. Vazirlikka koʻra, tomonlar Rossiya-AQSH munosabatlarining moliyaviy yoʻnalishi hamda G20 doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Siluanovning G20 uchrashuvida shaxsan ishtirok etishi Yevropa vakillarining noroziligiga sabab boʻldi. The New York Times maʼlumotiga koʻra, bu Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon Rossiya moliya vazirining bunday uchrashuvdagi ilk shaxsiy ishtiroki boʻldi. Avvalgi tadbirlarda Rossiya nomidan boshqa rasmiylar qatnashib kelgan.

Germaniya moliya vaziri va vitse-kansler Lars Klingbayl Siluanovning bunday tadbirda qabul qilinishini «tashvishli signal» deb atadi.

Klingbayl, agar Siluanov G20 moliya vazirlarining anʼanaviy umumiy suratida ishtirok etsa, suratga tushishni boykot qilishini bildirgan. Uning pozitsiyasini Yevropaning boshqa davlatlari vakillari ham qoʻllab-quvvatlagan.

Natijada G20 ishtirokchilarining umumiy surati Anton Siluanovsiz olingan.

Klingbayl, shuningdek, ishtirokchilarning umumiy uchrashuvida Siluanovga Ukrainadagi urushni tugatish zarurligini aytgan va Germaniyaning Kiyevni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini taʼkidlagan.