O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilgan tantanada ishtirok etib, nutq so‘zladi. Nutqning to‘liq matni O‘zA rasmiy saytida e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim! Avvalo, barcha Yangi O‘zbekiston yoshlarini bugungi qutlug‘ bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Albatta, sizlar bilan uchrashish, ko‘nglingizdagi ezgu orzu va rejalaringiz bilan o‘rtoqlashish, taklif va tashabbuslaringiz haqida eshitish menga doimo quvonch va g‘urur bag‘ishlaydi. Sizlarning shijoat va intilishingizni ko‘rib, yonib turgan ko‘zlaringizga boqib, o‘zimga bitmas-tuganmas kuch olaman», deb boshladi nutqini prezident.

Shavkat Mirziyoyev hozir dunyo qiyin kunlarni boshdan o‘tkazayotganini aytar ekan, bunday holatda davlat xalqning matonatiga suyanishini ta’kidladi. Shundan keyin yoshlarga yaratilgan yangi qulayliklar va endi kuchga kiradigan yangiliklar haqida gapirdi.

Prezident mahallalarda 9,5 ming yoshlar yetakchilari faoliyat olib borayotganini ta’kidlab, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard so‘m yo‘naltirilgani, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash doirasida 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilganini aytdi.

«Dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 560 ming tengdoshingizga joriy yilda 155 ming gektar yer maydoni ajratilib, 800 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi joriy etildi va bu imkoniyatdan 715 ming nafar yoshlar ishlayotgan 7,5 ming korxona foydalandi», dedi prezident.

Davlat rahbari ta’limga ham alohida e’tibor berilayotganini aytdi: «Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ham katta-katta qadamlar qo‘yilmoqda. Bu borada Yangi O‘zbekistonning yangi maktablari – Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar ko‘lami kengayib, ularda tahsil olayotgan o‘quvchilar yuqori natijalarga erishmoqda. O‘tgan o‘quv yilida birgina Prezident maktablarini bitirgan 424 nafar o‘g‘il-qizlarning barchasi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Ularning 102 nafari yoki 24 foizi xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgani tahsinga sazovordir.