Taqdimotda qayd etilishicha, shaharlarning kengayishi, texnologik rivojlanish va iqlim oʻzgarishi qutqaruv xizmati oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda. Ayni paytda ayrim yongʻin-qutqaruv qismlarining joylashuvi, binolari va texnikasi tezkor yordam koʻrsatish talablariga toʻliq javob bermaydi.
Davlat rahbari tizimni yangilashda asosiy mezon inson hayotini saqlab qolish boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Buning uchun “oltin daqiqa” qoidasini amaliyotga joriy etib, shahar hududlarida qutqaruvchilarning yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqaga, shahar markazlaridan tashqari hududlarda esa 15-20 daqiqaga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Aholisi 250 mingdan ortiq tuman va shaharlardagi 25 ta yongʻin-qutqaruv qismini qayta tashkil etish va zamonaviy texnika bilan taʼminlash rejalari haqida axborot berildi. Shuningdek, murakkab sharoitlarda ishlaydigan “Madad” milliy koʻp tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, aviatsiya-qutqaruv boʻlimi hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif etildi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini takomillashtirish, murojaat kelib tushgan paytdan uning ijrosigacha boʻlgan jarayonni kuzatish, tegishli xizmatlar oʻrtasida axborot almashinuvini kuchaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sohada raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligi qayd etildi.
Suv omborlarida qutqaruv xizmatini kengaytirish zarurligi ham taʼkidlandi. Mavjud 56 ta suv omborining faqat toʻrttasida bunday xizmat yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois, “Karkidon” suv ombori misolida professional qutqaruv tizimini tashkil etish taklifi bildirildi. Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumida dual taʼlim asosida qutqaruvchi-gʻavvoslar tayyorlash, turizm obyektlari xodimlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi yordam koʻrsatishga oʻqitish rejalashtirilmoqda.
Suv omborlaridan turizm maqsadida foydalanish imkoniyatlari ham koʻrsatib oʻtildi. Hozircha beshta suv omborida turizm tashkil etilgan, yana 25 tasida bunday xizmatlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyati bor. Mazkur hududlarga investitsiya jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bunda xavfsizlik talablari ustuvor boʻlishi taʼkidlandi.
Turistik xizmatlarni sertifikatlash, tadbirkorlarning professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma tuzishini majburiy etib belgilash, dam olish maskanlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari va suv chuqurligini koʻrsatuvchi belgilar bilan jihozlash taklif qilindi.
















