Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Italiyada so‘nggi 70 yildagi eng kuchli qurg‘oqchilik kuzatilyapti. Eng katta daryo qurimoqda, beshta mintaqada favqulodda holat e’lon qilindi
Italiyaning eng muhim daryosi jazirama tufayli qisman qurib qoldi. Yuz minglab odamlar azob chekyapti.
Suv to‘playdigan basseyni va uzunligi bo‘yicha Italiyadagi eng katta Po daryosi qurishda davom etmoqda. Suv tanqisligi dehqonlarning hosilini nobud qilyapti. Bir necha oy oldin serob daryo yashil qirg‘oqlar bo‘ylab oqar edi, hozir esa bu joylar cho‘lga o‘xshab qolgan.
Italiya shimolidagi hozirgi qurg‘oqchilik so‘nggi 70 yildagi eng yomoni deb aytilyapti. Bu bahor va yozda yomg‘irning kamligi, qishda qorning yo‘qligi va yozda haroratning nisbatan yuqori ekani bilan bog‘liq.
Italiyaliklar uchun bu iqlim o‘zgarishining xavotirli oqibatlari haqida yana bir eslatma bo‘ldi – yaqinda Dolomit muzligining qulab tushishi oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan edi.
Iyul oyi boshida Italiya shimolidagi beshta hududda qurg‘oqchilik tufayli favqulodda holat e’lon qilingan edi. O‘nlab munitsipalitetda suv iste’moli bo‘yicha cheklovlar kiritildi.
Po vodiysi dehqonlarining aytishicha, daryo ba’zi joylarda qurib qolgan, ba’zi joylariga esa oqimga sho‘r dengiz suvi aralashib, ekinlarga zarar yetkazmoqda.
Adriatika dengizi yaqinidagi fermalardan birining xo‘jayini Janpaolo Bassi yerdan qurigan butani sug‘urib oladi, uning ildizlarida yeryong‘oq bo‘lishi kerak edi. 32 yoshli fermer hosilning pastligini dengiz suvi bilan bog‘layapti.
«Tuzli suv ekinlarni o‘ldiradi, ular tuz konsentratsiyasiga dosh berolmaydilar», deydi Janpaolo. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, bu yil hosilining chorak qismini yo‘qotishi mumkin.
Po daryosi shimoliy Italiya bo‘ylab janubi-g‘arbiy Alp tog‘laridan Adriatika dengizigacha 650 km masofaga cho‘zilgan. Ko‘pgina mahalliy aholining hayoti uning atrofida aylanadi. Italiya qishloq xo‘jaligining deyarli uchdan bir qismi u bilan bog‘liq.
Po daryosining ba’zi joylarida suv sathi shu qadar pastki, hatto Ikkinchi jahon urushi davridagi barjaning qoldiqlari ko‘rinib qolgan.
«Odatda sho‘r dengiz suvi daryo o‘zanidan bir necha kilometr ichkariga kiradi. Ammo hozirgi ma’lumotlar 30 km ichkarida ham sho‘r suv borligini ko‘rsatmoqda», deydi Ferrara universiteti qirg‘oq dinamikasi professori Paolo Kiavola.
Professorning tushuntirishicha, odatda chuchuk suv oqimi sho‘r suvni dengizga haydaydi, ammo hozirda daryo chekinmoqda.
Yaqin kelajakdagi ob-havo prognozi sho‘r suvni suyultirish uchun zarur bo‘lgan yetarli darajadagi yog‘ingarchilikni bashorat qilmayapti, deb xavotirlanadi Janpaolo.
Professor Paolo Kiavola kelajakda bunday vaziyat Italiya uchun odatiy holga aylanishi va bunga moslashishga to‘g‘ri kelishi haqida ogohlantirmoqda.
Italiya shimolida yashovchi yuz minglab odamlar qurg‘oqchilik oqibatlarini his qilmoqda. Shaharlarda suv iste’molidagi cheklovlar tufayli favvoralar o‘chirilgan, odamlar uyda ham suvni tejashga majbur.
Ammo Po daryosi havzasi boshqarmasi rahbarining ta’kidlashicha, bunday choralar muammoni bartaraf etish uchun yetarli emas. Iqtisodiyotning yashil relslarga o‘tish dinamikasini tezlashtirish zarur, dedi Meuchchio Berselli Euronews telekanaliga bergan intervyusida.
«Biz bu mavzuni muhokama qilishni allaqachon to‘xtatishimiz kerak. Nima bo‘layotgani hammaga ayon. Kelasi yili bundan ham battar bo‘lishi mumkin. Chunki ma’lumotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, harorat yana ko‘tariladi, qurg‘oqchilik esa uzoq davom etadi», - deb qo‘shimcha qildi Berselli.
Mavzuga oid
20:51 / 19.06.2026
«Italiya va men hech qachon yolvormaymiz» - Meloni Trampga keskin e’tiroz bildirdi
10:10 / 18.06.2026
O‘zbekistonlik shifokorlar Italiyada 5 ming yevrogacha maosh olishi mumkin
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
22:05 / 29.05.2026