Naqd pulga talab oshishiga uzoq muddatli omillar (iqtisodiy o‘sish, demografik o‘zgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi) bilan bir qatorda, mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi, chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi, valuta kurslari barqarorligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil 1 iyun holatiga muomaladagi naqd pullar hajmi 36,9 trln so‘mga yetib, 2017 yilning 1 iyun holatiga (13,2 trln so‘m) nisbatan 2,8 barobar oshdi.

Shunday bo‘lsa-da, naqd pullarning keng ma’nodagi pul massasi tarkibidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yil 1 iyun holatiga 31,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil 1 iyun holatiga kelib 23 foizgacha kamaydi.

Qayd etilishicha, 2017 yildan boshlab naqd pulga bo‘lgan talab mavsumiy xarakterga ega bo‘lib kelmoqda.

Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollik jadallashuvi (to‘y va shunga o‘xshash marosimlar soni ko‘payishi, qurilish ishlari tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog‘liq xarajatlar ortishi) naqd pulga bo‘lgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi.

Noyabrdan mart oyigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi.

Aprel-noyabr oylarida chet eldan pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan aholi tomonidan valuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. So‘mning AQSh dollariga nisbatan qadri mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.

 Joriy yil 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi 4,19 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2021 yilning mos davriga (2,61 mlrd AQSh dollari) nisbatan 61 foizga (1,58 mlrd AQSh dollariga) ko‘paydi.

Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 mlrd AQSh dollari miqdorida valuta sotib olindi va bu o‘tgan yil mos davriga (2,72 mlrd AQSh dollari) nisbatan 59 foizga ko‘proq hisoblanadi.

Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalari (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valutada (AQSh dollari, yevro) amalga oshirilganda, o‘z o‘zidan milliy valutaga talab kamayadi.

Ichki valuta bozorida so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadri oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valutadagi jamg‘armalarini milliy valutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlashdi, deyiladi ma’lumotda.