Oʻzbekistonda keng maʼnodagi pul massasi iyul oyida 9,4 trln soʻmga ortib, 1-avgust holatiga 434,5 trln soʻmga yetgan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Xususan, milliy valyutadagi pul massasi 7,3 trln soʻmga koʻpayib, 361,2 trln soʻmni tashkil etyapti. Shuningdek, chet el valyutasidagi depozitlar qoldigʻi 2 trln soʻmga, tor maʼnodagi pul massasi 1,4 trln soʻmga oshgan.

Tor maʼnodagi pul massasi - iqtisodiyotda eng tez va oson sarflash mumkin boʻlgan pullar. Odatda bunga aholi va korxonalarning naqd pullari, banklardagi talab qilib olinguncha depozitlar - istalgan paytda yechib olish yoki toʻlov qilish mumkin boʻlgan mablagʻlar kiradi. Yaʼni kundalik xaridlar, xizmatlar uchun toʻlovlar va tezkor moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda bevosita qatnashadigan pul mablagʻlari

Keng maʼnodagi pul massasi -iqtisodiyotdagi barcha naqd va naqdsiz pul mablagʻlarini, shu jumladan toʻplangan jamgʻarmalarni ham toʻliq qamrab oluvchi koʻrsatkichdir. Bu tor maʼnodagi pul massasiga qoʻshimcha ravishda jismoniy va yuridik shaxslarning milliy hamda xorijiy valyutadagi muddatli va jamgʻarma depozitlarini oʻz ichiga oladi. Garchi muddatli omonatlarni darhol naqd pulga aylantirib yoki toʻlovga yoʻnaltirib boʻlmasada, ular iqtisodiyotdagi umumiy xarid qobiliyati, investitsion salohiyat va aholining moliyaviy zaxiralarini aks ettiradi. Markaziy banklar inflyatsiya va iqtisodiy oʻsishni prognoz qilishda asosan shu koʻrsatkichga tayanadi.

Naqd pullar qoldigʻi - 76,3 trln soʻm

Iyul oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar qoldigʻi 1 trln 25 mlrd soʻmga koʻpayib, 1-avgust holatiga 76,3 trln soʻmni tashkil etgan. Bu rekord koʻrsatkichdir. Yil boshiga nisbatan naqd pullar qoldigʻi 7,8 trln soʻmga koʻpaygan.

Milliy valutadagi boshqa depozitlar esa yil davomida 35,1 trln soʻmga, iyul oyida esa 5,9 trln soʻmga oshgan.

Muomaladagi naqd pullar absolyut miqdorda sezilarli darajada oʻsayotgan boʻlsa-da, uning umumiy pul massasidagi ulushi izchil kamayib bormoqda. 2013-yilda naqd pulning umumiy massadagi ulushi 23,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 18,9 foizga, 2026-yil avgustiga kelib esa 17,5 foizga pasaygan.