O‘zbekiston | 11:36 / 20.07.2022
5035
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi qaysi holatda ko‘chmas mulkni sotishdan tushgan daromaddan soliq to‘lash kerakligini tushuntirdi

Davlat soliq qo‘mitasi fuqarolar qanday holatda o‘z ko‘chmas mulkini sotishdan olingan daromaddan soliq to‘lashini tushuntirdi.

Jismoniy shaxslarning quyidagilarni sotishdan olingan daromadiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanadi:

  • noturar joylarini;
  • 36 kalendar oydan kam muddatda mulkida bo‘lgan turar joylarni.

Soliq kodeksining 378-moddasiga ko‘ra, joy jismoniy shaxsning mulkiga, xususan, meros yoki hadya tartibida yoxud oldi-sotdi shartnoma asosida o‘tganligidan qat’iy nazar 3 yil ichida sotilsa, daromad solig‘i to‘lashi lozim.

Jismoniy shaxsning mulkida 3 yildan ko‘p muddatda bo‘lgan turar joylarni sotishdan olingan daromadlariga soliq solinmaydi va uch yillik muddat soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan har bir obekti bo‘yicha alohida hisoblanadi.

Jismoniy shaxs mulkida 3 yildan kam muddatda turar joyni sotishdan olgan daromadlari to‘g‘risida doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yil 1 aprelidan kechiktirmay, jami daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi va daromad solig‘i summasini 1 iyunga qadar to‘lashi lozim.

My.soliq.uz saytidan jami daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani elektron shaklda taqdim etish imkoniyati yaratilgan.

Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotishdan olingan daromadlari mazkur mol-mulkni hujjatlar bo‘yicha sotib olish va sotish qiymati o‘rtasidagi oshgan qismi sifatida aniqlanadi. Ko‘chmas mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, kadastr qiymati bilan sotish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq daromad deb e’tirof etiladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 12 foizni tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid