Samarqand viloyati Ishtixon tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi Oybek Usmonov xodimlarini qoʻpol, jinsiy mazmundagi soʻzlar bilan haqoratladi va Kun.uz surishtiruvi ortidan unga hayfsan jazosi berilgani maʼlum boʻldi.
Kun.uz’ga kelib tushgan audioda Oybek Usmonov xodimlariga murojaat qilib, uni ishni bajarmayotganlikda ayblaydi. U davlat ishini talab qilayotganini aytib, xodimni shaxsiy qadr-qimmatini qoʻpol kamsituvchi iboralar bilan haqorat qiladi. Suhbat davomida tahdidomuz gaplar ham yangraydi.
Yozuvning boshqa qismida Usmonov bir xodimdan qancha tushum qilinganini soʻraydi. «Oʻn bir million» degan javobdan keyin uni haqorat qiladi. Shuningdek, xodimlardan biriga nisbatan «buniyam uch kunlik muddat bilan arizasini olasan», degan gapni aytadi. Boshqa bir xodimni esa «tufli artadigan lattagayam arzimaysan», deya kamsitadi. Boshliqning soʻzlariga koʻra, u qoʻl ostidagi xodimlarni deb «boshqarmadan gap eshityapti».
Samarqand viloyati soliq boshqarmasining maʼlum qilishicha, holat boshqarma hamda komplayens boʻlimi tomonidan oʻrganilgan. Tekshiruv yakunlari boʻyicha Oybek Usmonovga hayfsan intizomiy jazosi berilgan. Shuningdek, uni boshqa hududga rotatsiya qilish boʻyicha Soliq qoʻmitasiga taklif kiritilgan.
















