Aksiyadorlik jamiyatining 8 nafar xodimlari Shveytsariyaning «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutida raqamli podstansiyalar faoliyati yo‘nalishida malaka oshirib qaytishdi.

Raqamlashtirish dasturlari tatbiq etilgan soha va tarmoqlar borki, “ish unumdorligi”, “samaradorlik”, “taraqqiyot” va “yangi texnologiyalar” kabi jumlalar bilan sifatlanadigan rivojlanish ko‘rsatkichlarini kuzatishimiz mumkin. Ilgari asosan qo‘l mehnati va yarimmexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish jarayoni — bugungi globallashuv zamonidagi raqobatga, sifat talabi-yu tezkorlik ko‘rsatkichlariga dosh bera olmaydi. Ayni paytda bu jarayon energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ida ham kuzatilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, raqamlashtirish — bosqichli jarayon. Uning natijadorligiga erishish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayoniga raqamli dasturlarni tatbiq etishning o‘zi kamlik qiladi. Raqamli texnologiyalar — eski texnik dastgohlardan voz kechish, ish uslubini tubdan o‘zgartirish, eng muhimi, malakali kadrlar tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq.
Alqissa, bugungi kundagi taraqqiyot ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. XXI asrda internet tarmog‘i jamiyat hayotining turli sohalariga kirib kelishi bilan «elektron hukumat», «elektron savdo», «raqamli iqtisodiyot» kabi atamalar paydo bo‘ldi. Ushbu atama ilk bor 1995 yilda Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte tomonidan tilga olingan.

Buni qarangki, O‘zbekiston energetika sohasida, xususan elektr energetikasi tarmog‘ida bir necha yillardan buyon raqamli texnologiyalarning dastlabki yutuqlaridan samarali foydalanilib kelinadi. Misol uchun, raqamli texnologiyalarning dastlabki unsurlari 1992 yilda 500/220/10 kVli «Toshkent» podstansiyasiga «EKRA» rusumli favqulodda vaziyatlarni qayd etuvchi registratorlarga «FPM-1M» tipidagi ShJAQ — shikastlangan joyni aniqlovchi qurilmalar o‘rnatilgan. Ayni paytda esa bunday kichik qurilmalar tarmoqli dasturlarga aylangan. Hozirda ularni har tomonlama mukammal, zamonaviy dasturlar hisobiga yangilash, takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
















