O‘zbekiston konchilik sanoati tarixida ilk marotaba shaxta chuqurligi 1 000 metrga yetdi
Qo‘shrabot tumanidagi “Zarmitan” sanoat maydonida qazish ishlari olib borilayotgan “Skip” va “Klet” harakatlanadigan shaxtaning chuqurligi 1 000 metrga yetdi. Ushbu yangilik munosabati bilan soha xodimlari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi – bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, Qo‘shrabot tumani hokimi Dilshod Shakarboyev hamda Janubiy kon boshqarmasi rahbar-xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar mazkur hududda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, yangi gidrometallurgiya zavodi, konlar, zamonaviy infratuzilma – Zarkent qo‘rg‘oni barpo etilganini e’tirof etishdi. Natijada, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, konchilar farovon yashashi, yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish hamda har yili yangidan-yangi obektlarni foydalanishga topshirish imkoniyati paydo bo‘layotgani aytib o‘tildi.
Jumladan, ushbu loyiha Chexiya davlatining “Mayn Konstrakshn Alyans” (“Mine Construction Alliance s.r.o.”) kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarildi. Ikki yil davomida O‘zbekiston konchilik sanoati tarixida ilk marotaba texnik jihatdan nihoyatda murakkab hisoblangan qazish ishlari olib borildi. “Skip” va “Klet” harakatlanadigan diametri 6,5 metr bo‘lgan shaxtaning chuqurligi 1 000 metrga yetdi. Bu yutuq O‘zbekiston mustaqilligining 31 yillik bayrami oldidan munosib tuhfa, deya e’tirof etildi.
Ayni paytda keyingi bosqichdagi ishlar davom ettirilmoqda. Loyiha 2023 yilning mart oyida to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu kelgusida yer qa’ridan har yili 850 ming tonna ma’danni yer yuzasigacha chiqarish imkonini beradi va ma’dan qayta ishlash uchun 4-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib beriladi.
Tadbirda shaxtani qazish ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh ishchi-xodimlarga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari topshirildi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ matbuot xizmati Ⓣ