O‘zbekistonda sertifikatga ega abituriyentlar davlat oliygohlariga kirishda tegishli fan bo‘yicha maksimal ball olishi tartibi kelgusida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.
Raqamlarga qaraganda, joriy yilda davlat oliygohlariga o‘qishga topshirgan 678 ming abituriyentning 193 ming nafarida umumta’lim fanlari bo‘yicha, 125 ming nafarida esa chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lgan.
Abituriyentlarning 13 ming nafarida barcha fanlardan sertifikati bo‘lgani tufayli, ular test sinovlaridan to‘liq ozod qilindi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan edi.
Buning ortidan o‘qishga kirishdagi o‘tish ballari sezilarli ko‘tarildi. Joriy yilda o‘rtacha o‘tish balli davlat granti bo‘yicha 134,6 ball, to‘lov kontrakt bo‘yicha 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball edi.
Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, mandat yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida berilgan savolga javoban, sertifikati borlarga maksimal ball berish qanchalik to‘g‘ri degan masala ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
“Milliy sertifikat savollari – oliy ta’limga kirish test sinovlaridagi savollardan farq qiladi. Chunki testlarda faqat yopiq savollar bo‘ladi, milliy sertifikatda esa [imtihon topshiruvchining bilimi] ochiq savollar bilan baholanadi, ya’ni faqat to‘g‘ri javobni belgilaganiga qarab emas, Rash modeli asosida hisoblanadi.
Milliy sertifikat bilan topshirgan abituriyentlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Buning tahlilini qildik: ko‘plab o‘quvchilar maktabni bitirish arafasidagi yillarda bosqichma-bosqich milliy sertifikatlarni olishyapti. Albatta, [milliy sertifikat bilan o‘qishga kirayotganlar] ko‘paygani yaxshi, chunki testda lotereya holati ham bor: bilmagan savoliga [tavakkal qilib] javobni belgilasa – unaqalar soni ko‘p bo‘ladi – ular ham qanaqadir ball oladi. Masalan, javob varaqasiga faqat “A” javobini belgilab chiqsa ham, qandaydir ball oladi. Milliy sertifikatda esa bunaqa holat kamroq, chunki aytib o‘tganimdek, savollar ochiq.















