Toshkent viloyatining Qorasuv–Bo‘ka–Bekobod avtomobil yo‘lida Spark qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, yo‘l chekkasiga ag‘darilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Spark quvib o‘tish manyovrini amalga oshirmoqchi bo‘lganida Cobalt uning yo‘lini siqib chiqqani, natijada Spark qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, ag‘darilgani, Cobalt esa voqea joyidan ketib qolganini ko‘rish mumkin.
Xabarlarda voqea joyidan ketib qolgan Cobalt avtomobilining davlat raqam belgisi ko‘rinmagani sababli qidiruvda ekani aytilgandi.
Toshkent viloyati IIBB xabar berishicha, voqea 15-avgust kuni, soat 09:30 larda sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zida Cobalt haydovchisi, 30 yoshli X.A.ning shaxsiga aniqlik kiritilib, ushlangan.
«Millar» dasturiga ko‘ra, vafot etganlar 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi bo‘lgan. Yana bir ayol shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.









