O‘zbekiston | 11:48 / 13.09.2022
7921
3 daqiqa o‘qiladi

“Texnik ko‘riklar faqat ko‘z bilan o‘tkazilgan” – Senatda portlayotgan gaz ballonlar muammosi ko‘tarildi

Senatning 32-yalpi majlisida portlayotgan gaz ballonlar muammosi ko‘tarildi. Ma’lum qilinishicha, 70ta gaz quyish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilib, yuzlab chora ko‘rilganiga qaramay, gaz ballonlari portlashlari kuzatilmoqda. “Amalda Vazirlar Mahkamasining yuk mashinalari va avtobuslarga o‘rnatilayotgan gaz ballonlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilishga oid qarori bajarilmayapti”, – dedi senator Qutbiddin Burhonov.

Foto: Oliy Majlis Senati

13 sentabr kuni Senatning 32-yalpi majlisida portlayotgan gaz ballonlari muammosi ko‘tarildi. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovga ko‘ra, Senat tomonidan ushbu masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi va undan keyin yuzlab kamchiliklar bartaraf etilganiga qaramay, avtobuslarga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashlari kuzatilmoqda.

“Senatning oldingi yalpi majlislarida xalqimizni qiynayotgan muammolardan biri – avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq masala ko‘tarilib, Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgandi. Iyun oyida ko‘rsatilgan 1300dan ortiq kamchiliklardan 815 tasi bartaraf etilgani, 70 ta gaz shoxobchalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani to‘g‘risida hisobot berilgandi. Shunga qaramasdan, shu yil yozida Sirdaryo viloyatida Xorazm viloyatidagi «Pitak-Sarmishsoy» MChJga qarashli avtobus aholini olib ketayotganda gaz balloni portladi va natijada 6 nafar fuqaro voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi va 9 nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi”, – dedi senator.

Uning ta’kidlashicha, bu Vazirlar Mahkamasi qaroridagi vazifa, ya’ni yuk mashinalari va avtobuslarga o‘rnatilayotgan gaz ballonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilib olish vazifasi bajarilmayotganini ko‘rsatmoqda.

“Shu kungacha texnik ko‘riklar faqat ko‘z bilan nazorat qilingan. Shuning uchun qilinayotgan ishlarga qo‘shimcha ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilish, avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish va gaz ballonlari o‘rnatilganiga besh yildan ko‘p muddat bo‘lganlarga foydalanishni vaqtincha to‘xtatish yoki foydalanishdan chiqarish masalasini o‘rganishni aytamiz. Portlashlar avgust oyida ham Qashqadaryo viloyatida Nexia va Jizzax viloyatida “Jiguli” gaz ballonlari portladi. Masala o‘rganilganda, asosan, gaz to‘ldirish shoxobchalarida belgilangan miqdordan ko‘proq gaz quyilayotgani aniqlandi. Gaz to‘ldirish shoxobchalari xodimlari belgilangan miqdordan ko‘p to‘ldirayotganda ma’lum muddatga litsenziyasidan mahrum qilish masalasi borasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan chora ko‘rilsa yaxshi bo‘lardi”, – dedi senator.

U bu vazifaga bir nechta tashkilot mas’ulligi, shuning uchun ham hukumat tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish, gaz ballonlari borasida munosabatlarni tartibga soluvchi bitta mas’ul tashkilotni belgilashni taklif qildi.

Mavzuga oid