Har yili O‘zbekistonda ko‘p insonlar qon saratoniga chalinadi. So‘nggi yillarda o‘zbek shifokorlari onkogematologik kasalliklarni davolashda sezilarli yutuqlarga erishganiga qaramay, respublikada suyak iligi transplantatsiyasi hali ham yo‘lga qo‘yilmagan va G‘arb mamlakatlarida davolash standarti hisoblangan ba’zi zamonaviy dorilar bilan terapiya mavjud emas. Bugungi kunda O‘zbekistonda qon saratoni bilan og‘rigan bemorlarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani, ularga COVID-19 qanday ta’sir qilgani va mamlakatimizda onkogematologik kasalliklar bilan bog‘liq vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligi haqida O‘zbekiston Respublikasi bosh gematologi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti gematologiya va transfuziologiya kafedrasi mudiri Eldor Jasurovich Isxakov so‘zlab berdi.

 

- Hozirgi kunda O‘zbekistonda onkogematologik kasalliklar bilan kasallanish va undan o‘lim oqibatlari bo‘yicha statistika qanday?

- 2020 yilning oxirida O‘zbekistonda onkologik profildagi bemorlarning kontingenti 107 196 nafarni tashkil qildi. 2020 yilda dispanser hisobida turgan bemorlar kontingentining asosiy hajmi sut bezi (19,5 foiz), bachadon bo‘yni (8,5 foiz), teri (8,1 foiz), bachadon tanasi (4,7 foiz), tuxumdonlar (4,1 foiz), me’da (4,0 foiz), bosh miya (4,0 foiz), buyraklar (3,2 foiz), noxodjkin limfomalarining (3,1 foiz) yomon sifatli yangi hosil bo‘lishlari bo‘lgan patsiyentlardan shakllangan. Onkologik kasalliklarning taxminan 10 mingta holati o‘tkir leykozlarning 1 000ta holatiga to‘g‘ri keladi. Leykoz bilan kasallangan 300ta patsiyentlar - bolalarni, qolgan 700tasi esa - kattalarni tashkil qiladi. Agar onkogematologiya haqida umuman so‘z yuritadigan bo‘lsak, har yili taxminan 1500ta surunkali leykozi bo‘lgan birlamchi bemorlar va taxminan 1000ta holatlarda limfomasi bo‘lgan patsiyentlar aniqlanadi.

O‘zbekistonda onkogematologik kasalliklar bilan kasallanganlar o‘rtasida o‘lim holatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqoriroqdir, chunki bizda suyak iligi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagan. O‘tkir leykozi bo‘lgan kattalardan 700tasining kamida 30 foizi sog‘ayib ketishi mumkin, qolgan 70 foizi esa transplantatsiya o‘tkazilishiga muhtojdir. Ya’ni, 30 foiz patsiyentlar nisbatan uzoqroq umr ko‘rishlari mumkin, qolgan 70 foizi esa bir necha yillar mobaynida vafot etadi.

Kattalardan farqli leykozi bo‘lgan bolalarda yashab qolish ancha yuqoriroqdir: o‘tkir leykozi bo‘lgan 70 foiz bemor bolalar sog‘ayib ketadi, qolganlari transplantatsiya o‘tkazilishiga muhtoj. Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, unda taxminan 70 foiz bolalar leykemiyadan, o‘tkir leykemiyadan, xususan, o‘tkir dimfoblast leykozdan sog‘ayib ketishi mumkin. Ammo o‘tkir leykozning kam hollarda uchraydigan shakllari ham bor, ularni butun dunyo bo‘ylab davolab bo‘lmaydi, masalan, leykozlarning T-limfoblast, miyeloid shakllari. Patsiyentlarning ushbu guruhidagi o‘lim darajasi baland.