Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi PQ-4911-sonli “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori A.A. Sidiqov rahbarligida tashkil etildi. Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti dunyoning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan shartnomalar imzolagan va o‘quv, ilmiy va ma’rifiy sohalarda doimiy hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.
Institut o‘z faoliyati davomida 2000dan ortiq malakali shifokorlarni tayyorlab bergan.
2022 yil 30 sentabr kuni Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti binosining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda sog‘liqni saqlash vaziri Musayev Behzod Anvarovich, Farg‘ona viloyati hokimi Bozorov Xayrulla Hayitboyevich, institut bilan hamkorlikdagi xalqaro hamkor tashkilot rahbarlari, respublikadagi tibbiyot oliygohlari rektorlari institut jamoasi madaniyat va san’at vakillari, talaba yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilk bor oliy ta’lim ostonasiga qadam qo‘ygan talabalarni tabriklab, yangidan barpo etilgan ushbu o‘quv binosi ularning bilim olishlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tishdi.
Ramziy lentalar kesilganidan so‘ng, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Kampus qurilishidagi zamonaviy ko‘rinish, puxta o‘ylangan arxitektura, go‘zal tabiat manzarasi, o‘quv jarayoni uchun yaratilgan qulayliklar ta’lim sifati oshishiga xizmat qiladi.
Mashaqqatli qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida institutning yangi o‘quv binosi qurib bitkazildi hamda moddiy-texnik bazasi shakllantirildi. Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti endi zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan 3 ta o‘quv binosi, simulyatsiya markazi, vivariy, ilmiy laboratoriya, 500 o‘rinli anjumanlar zali, 200 o‘rinli oshxonaga ega bo‘ldi.
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti matbuot xizmati